Atmosfera musaffoligini ta’minlash, yurtimizni ko‘kalamzorlashtirish maqsadida mamlakatimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz raisligida o‘tgan yili 2 noyabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida mamlakatimizda 200 million tup ko‘chat ekish, yashil hududlarni barpo etish yuzasidan qator vazifalar belgilab berilgan edi.
"Yashil makon" umummilliy loyiha doirasida birgina Andijon viloyatida 15,5 million tupga yaqin mevali, manzarali daraxt ko‘chatlari va qalamchalar ekilishi rejalashtirilgan. O‘tgan yili ko‘chat ekish bo‘yicha e’lon qilingan “Dolzarb 40 kunlik” tadbiri davomida 7 million 54 ming tup, joriy yil bahor oyida 9,5 million tupdan ortiq mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi.
Viloyatda mazkur loyiha doirasida joriy - kuz faslida ham ishlar qizg‘in olib borilmoqda. Ma’lumki, daraxtlar bizning nafas olishimizga yordam beradigan beminnat vosita bo‘lib, havodagi zararli karbonat angidridni yutib, o‘rniga kislorod ishlab chiqaradi, jazirama issiqda salqinlik beradi, atrof-muhit va ekologik musaffolikni ta’minlaydi.
Yurtimizda keng quloch yoygan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ishlar ko‘lamini kengaytirish, yurtimizga boshqa davlatlardan noyob, manzarali daraxt ko‘chatlarini olib kelish, mahalliylashtirish va ko‘paytirish borasida Andijon davlat universiteti tabiiy fanlar kafedrasi olimlari tomonidan e’tiborga molik ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, ayni paytda evodiya deb ataluvchi noyob daraxt ko‘chatlarini ko‘paytirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Evodiya daraxtining asl vatani uzoq Sharq – Xitoy va Koreya hisoblanadi. Hozirda ushbu daraxtning ko‘plab turlari mavjud. Uning o‘ziga xos jihatlari – chiroyli manzara berishi, atrofga shirin ifor taratishi, sovuq havoda ham barglari yashil holda turishi, gulidan ko‘p miqdorda asal yig‘ish mumkinligi hisobga olinib, ushbu daraxt dunyoning qator davlatlarida ekiladi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, balandligi 6 metrdan 20 metrgacha o‘sadigan bir tup evodiya daraxtining gulidan 60 kilodan 90 kilogacha asal yig‘ish mumkin ekan. Shu bois ham Buyuk Britaniyaliklar evodiyani “Asal daraxti”, nemislar esa “Iforli brilliant daraxt” deb atashar ekan.
– Evodiya noyob, xushmanzara daraxt bo‘lib, shaharlar ko‘rkiga ko‘rk qo‘shadi, – deydi Andijon davlat universiteti professori Mo‘ydinjon Mo‘minov. – Tez o‘sib, uchinchi yildayoq gullashni boshlaydi, 4-5 yildayoq balandligi 15 metrga yetadi. Keyinchalik yana bir necha metrga o‘sadi. O‘zbekiston sharoitida iyun oyidan to kech kuzga qadar gullaydi. Gullari ko‘plab nektar va gulchang ajratadi. Deyarli ikki oy davomida asalarilar ushbu daraxt gulidan kun davomida nektar yig‘ishi mumkin. Yurtimiz sharoitida aynan shu davrda atrofda nektar beruvchi manba keskin kamayib ketishini hisobga olsak, ushbu daraxt asalarichilik rivojida ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Asalari evodiyaning quyuq sariq rangdagi gulidan sifatli nektar yig‘adi. Asalari bitta oyog‘ida 9,2 mg. nektar to‘plashi amalda kuzatilgan. Bitta daraxt gulidan 60-90 kilogacha, gektaridan esa 5 tonnaga yaqin sifatli asal olinishi mumkin.
Evodiya daraxti ko‘chatini yetishtirish va ko‘paytirish andijonlik olimlarning “yashil makon” umummilliy loyihasiga qo‘shgan munosib hissasi bo‘ladi. Hozirda universitet olimlari tomonidan evodiyaning “Daniella” navi ko‘chatlari olib kelinib, maxsus sharoitda ko‘paytirish, mahalliylashtirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Guli ko‘p miqdorda asal beruvchi va noyob dorivor xususiyatga ega ushbu daraxtning “Rutoplodnaya” navi urug‘larini olib kelish, ko‘paytirish bo‘yicha amaliy ishlar boshlangan. Urug‘ yetkazib beruvchi xorijiy kompaniya bilan shartnoma tuzilib, 2 ming dona evodiya daraxti urug‘i uchun pul o‘tkazib berildi. Nasib etsa yaqin yillar ichida yurtimiz ko‘chalarini xushmanzara, ifor taratib turuvchi go‘zal evodiya daraxti ham bezaydi.
Ham xushmanzara, ham o‘ta foydali ushbu daraxt yurtimiz musaffoligini ta’minlash bilan birga, asal yetishtirish imkoniyatini yanada kengaytiradi.
F. UBAYDULLAEV, O‘zA