Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev dunyodagi eng baland Everest cho‘qqisini zabt etib, unda davlatimiz bayrog‘ini hilpiratgan qahramon alpinistimiz Sergey Denisenkoni “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvoni va "Trailblazer" avtomobili bilan mukofotladi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Abdujabbor Abduvaxitov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari –Prezident Matbuot kotibi Sherzod Asadov, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, jurnalistlar ishtirok etdi.
Sergey Denisenko eng murakkab yo‘nalishlardan biri bo‘lgan janubiy qiyalikdan Everest cho‘qqisini zabt etgan birinchi o‘zbek alpinisti.
U bolalikdan ko‘p vaqtini tog‘ oromgohlarida o‘tkazgan, sayohat qilgan. 2007 yilda u o‘zining reklama agentligini ochdi, sanoat alpinisti sifatida faoliyat ko‘rsatdi. Toshkentdagi eng baland bino – Toshkent shahridagi 21 qavatli Xilton mehmonxonasiga harflarni aynan u o‘rnatgan.
[gallery-2706]
S.Denisenko 8848,86 metr balandlikda joylashgan dunyodagi eng baland Everest (Jomolungma) cho‘qqisiga chiqishga uzoq vaqt va puxta tayyorgarlik ko‘rdi. Shuningdek, bu Sergeyning birinchi yutug‘i emas. 2019 yilda u Nepaldagi Mera cho‘qqisini zabt etdi (Mera cho‘qqisi Nepaldagi eng baland trekking cho‘qqisi hisoblanadi).
Ammo Everest har doim uning eng katta orzusi bo‘lib kelgan, bugunga kelib esa u haqiqatga aylandi. 2021 yil 11 aprelda Nikita Balabanov guruhi tarkibida “Kuluar” jamoasi bilan uning Everestga ekspeditsiyasi boshlandi va u cho‘qqiga ko‘tarilishni boshladi. Noqulay ob-havo sharoitida iqlimlashtirish bo‘yicha ishlar olib borildi. Ob-havoning keskin o‘zgaruvchanligi ko‘tarilish imkonini bermasligi mumkin edi. Ammo sabr-matonat va jahonning eng yuqori cho‘qqisida turishga bo‘lgan ulkan xohish ustunlik qildi.
Taqdirlash marosimida qahramonimizning kelgusidagi zafarli yurishlariga omad va ezgu tilaklar bildirildi.
O‘zA