French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Everest cho‘qqisida tozalash inqilobi: dronlar chiqindilarni yig‘moqda
13:39 / 2025-07-09

So‘nggi yillarda sayyohlik oqimi ortishi bilan birga, dunyoning eng baland nuqtasi — Everest cho‘qqisida to‘plangan chiqindilar muammoga aylangan. Yoz mavsumida minglab sayyohlar va alpinistlar mintaqaga tashrif buyuradi, bu esa katta hajmdagi chiqindi qoldiqlarini keltirib chiqaradi. Mazkur ekologik muammoni hal qilish uchun bu yil ilk bor texnologiyadan samarali foydalanila boshlandi.

Xitoyning mashhur DJI kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan ikki yirik dron joriy yilning aprel-may oylarida, ya’ni ko‘tarilish mavsumida, Everest atrofidagi hududlarda ishlatilgan. Ular 6000 metr balandlikka ko‘tarilib, umumiy hisobda 280 kilogrammdan ortiq chiqindilarni to‘plagan. Bu ekologik tashabbus ekologlar va tog‘ gidlaridan ijobiy baho oldi.

Everestni tozalash ishlari ilgari asosan sherpalar – tibetliklar avlodidan bo‘lgan mahalliy aholi vakillari tomonidan amalga oshirib kelinardi. Har bir sherpa o‘rtacha 20 kilogrammgacha chiqindini og‘ir sharoitda — muzliklar bo‘ylab, to‘rt soatlik piyoda yurish davomida olib tushadi. Taqqoslash uchun, dronlar ayni masofani bor-yo‘g‘i olti daqiqada bosib o‘tadi. Bu esa nafaqat vaqt, balki inson hayoti xavfsizligi va ish unumdorligi jihatidan ham muhim yutuqdir.

Shunga qaramay, dronlardan keng miqyosda foydalanishga hali ham ayrim cheklovlar mavjud. Asosiy muammo — baland tog‘larda havoning siyrakligi. Bunday sharoitda dronlar uchun barqaror parvoz qilish qiyin bo‘ladi. Bundan tashqari, Everestdagi ob-havo tez-tez o‘zgarib turadi, bu esa xavfsiz boshqaruv imkoniyatini pasaytiradi.

Ammo mutaxassislar fikriga ko‘ra, ushbu texnologiyaning sinovdan o‘tgan dastlabki bosqichi allaqachon o‘z samarasini ko‘rsatgan. Yaqin kelajakda dronlar yordamida nafaqat chiqindilarni tozalash, balki favqulodda holatlarda qutqaruv ishlari, tibbiy jihozlar yetkazib berish kabi funksiyalarni ham bajarish rejalashtirilmoqda.

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/5N0c0nzRDZM?si=9VKcOaZk3-oUJrjz" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Madinabonu Nasriyeva, Anvarxo‘ja Ahmedov,O‘zA