Yevropaning mashhur “Euronews” telekanali o‘z saytida yangi “Air Samarkand” aviakompaniyasi misolida O‘zbekistonda xususiy aviatsiya rivojiga oid tahliliy maqola chop etdi.
Nashr O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar turizm sohasida xususiy tashabbuslarning sezilarli darajada oshishiga olib kelganini qayd etdi.
“Har qanday yangi aviakompaniyani tashkil etish odatda muayyan tijoriy xavf-xatarlarni yuzaga keltiradi. Ammo “Air Samarkand” bundan mustasno. Chunki, uning arsenalida sayyohlar va xizmat yuzasidan sayohat qiladigan kishilarni jalb qilish bo‘yicha juda yaxshi imkoniyatlar bor. Bizning jahon standartlari asosida faoliyat yurituvchi maktab va universitetlarimiz esa mazkur hududga butun dunyodan talabalarni jalb etadi, – deydi “Air Samarkand” Bosh direktori Anton Xodjayan. – “Air Samarkand” O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi yangi turizm, madaniyat, biznes va ta’lim markazi sifatida yanada rivojlanishiga yordam beradi.
Kelgusi 12 oy davomida “Air Samarkand” Samarqanddan bir qator yo‘nalishlarga charter va muntazam reyslarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirgan. Shu tariqa, kelasi yilning boshida Turkiya, Vetnam, Malayziya, Indoneziya va Xitoy shaharlariga parvozlar yo‘lga qo‘yiladm, keyinchalik esa ularning qatoriga Yevropa davlatlari ham qo‘shiladi.
Samarqanddagi xususiy kapital “Air Samarkand” kabi yangi aviakompaniyalarning rivojlanishi hisobiga shahar aeroporti va havo aloqalarini yaxshilash imkonini berdi. Ushbu tashabbus turizm, savdo, ilmiy tadqiqotlar va faoliyatning boshqa yo‘nalishlarini rivojlantirish borasida Samarqand salohiyatini ochib berishga qaratilgan. Zamonaviy aeroport, sayyohlik majmuasining qurilishi, yangi aviayo‘nalishlarning yo‘lga qo‘yilishi Samarqandning dunyo turizm xaritasida munosib o‘rin egallashiga zamin yaratadi.
O‘zA