O‘zbekiston o‘zining eng yirik qayta tiklanadigan energiya loyihasini ishga tushirmoqda, bu mamlakat energetika manzarasini tubdan o‘zgartiradi, deb yozdi “Euronews” nashri.
Xabarda ta’kidlanishicha, 9,46 milliard yevrolik investitsiya bilan mamlakat 2026 yilga kelib har bir xonadonni toza elektr energiyasi bilan ta’minlaydigan 42 ta ob’ekt qurishni rejalashtirmoqda. Bu bugungi kungacha eng yirik tashabbus bo‘lib, O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda energetika va barqarorlikka yondashuvini sezilarli darajada o‘zgartiradi.
– Loyihani Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Barqaror energetika – Yangi O‘zbekistonning kelajak sari ishonchli qadami” forumida e’lon qildi. Kelgusi yili O‘zbekiston o‘zining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini faqat yashil manbalardan to‘liq qoplashga va’da bermoqda. Umumiy energiya ishlab chiqarish 23 milliard kilovatt-soatga yetadi va butun mamlakat ehtiyojlarini qoplaydi, -deyiladi maqolada.
Muallifning qayd etishicha, loyiha 16 ta yangi elektr stansiyasi, energiya saqlash tizimlari, podstansiyalar va 420 km uzunlikdagi yuqori kuchlanishli elektr uzatish liniyalarini qurishni o‘z ichiga oladi.
S.Rahimov, O‘zA