Dunyoga mashhur xalqaro ommaviy axborot vositalaridan biri – “Euronews” telekanalining ijodiy guruhi Namangan viloyatida bo‘lib, Chust pichoqlarini tayyorlash jarayonlari haqida lavha tayyorladi.
Ustalar qadimiy hunarmandchilik an’analarini saqlagan holda, har bir pichoqni qo‘lda yasash, bezash va sayqal berish bosqichlarini mehmonlarga batafsil namoyish etdi. Ustaxonadagi mehnat muhiti, metallni qizdirish va shakl berish, milliy naqshlar bilan bezash kabi jarayonlar tasvirga tushirildi.

Asrlar osha hunarmandchilik an’analarini e’zozlab kelayotgan chustliklar o‘zining pichoq va do‘ppilari bilan dunyoga tanilgan. Manzilga borgan sayyohlar hech bo‘lmasa, ulardan bittasini xarid qilib qaytadi.
Do‘zandi mahallasida yashovchi, pichoqchilar sulolasining yettinchi avlodi sanalgan usta hunarmand Ahadjon Abdurahimov o‘zining Damashq pichoqlari bilan usta hunarmandlar orasida o‘z o‘rniga ega. Bu pichoqlar aslida o‘zimizda bo‘lgan. Qadimda G‘ova qishlog‘ida ota-bobolarimiz uch xil metallni aralashtirib tayyorlashgan. Keyinchalik bu arxeolog, geologlarning qazishmalari va tarixiy manbalarda o‘z aksini topgan. Shu paytga qadar pichoqlar Markaziy Osiyo va MDH davlatlari, xususan Riga va Moskva shaharlariga eksport qilinib kelinadi.

Bog‘i Eram mahallasida istiqomat qilayotgan Rahimjon Ubaydullayev yorma, bodomcha, chamandasta, chumchuq va etik sopli pichoqlarni yasab, Chust hunarmandchilik maktabi an’analarini dovruq qozonishiga salmoqli hissa qo‘shib kelmoqda. Respublika hunarmandlari o‘rtasidagi tanlovlarda o‘z mahsulotlari bilan qatnashib, e’tirofga sazovor bo‘lmoqda.
– Xorijdan tashrif buyurayotganlarga ham mahsulotlarni namoyish etish maqsadida uy muzeyini tashkil etdik. Ilgari 10-15 turdagi pichoq yasagan bo‘lsak, bugunga kelib ular yuzdan oshdi. Pichoqlarimizga Markaziy Osiyo, MDH va Yevropa davlatlaridan xaridorlar katta qiziqish bildirmoqda, – deydi usta hunarmand. – Prezidentimizning hunarmandchilikni rivojlantirishga qaratayotgan e’tibori, bu borada qabul qilingan bir qator farmon va qarorlar soha rivojiga yo‘l ochgani ayni muddao bo‘ldi.

Chet el telekanali delegatsiyasining mazkur tashrifi vodiy gavhari – Namanganning turizm salohiyatini keng targ‘ib qilish, uch ming yillik tarixga ega qadimiy Chust pichoqlarini dunyo bo‘ylab tanilishiga xizmat qiladi. Bundan tashqari “Euronews” reportaji orqali xalqaro auditoriya Namangan viloyatining boy madaniy merosi va hunarmandchilik an’analari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.