19 dekabr kuni xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining o‘n to‘qqizinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Sessiyada deputatlar bilan birga Oliy Majlis Senati a’zolari, viloyat sektor rahbarlari, boshqarma va idoralar mas’ullari, hokim o‘rinbosarlari, faollar va ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi. Videoselektor tarzida o‘tkazilgan sessiya jarayonlarini tuman va shaharlar sektor rahbarlari, deputatlar va faollar, ijtimoiy tarmoqlar orqali keng jamoatchilik kuzatib bordi.
Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov viloyatda 2020 yilda amalga oshirilgan asosiy ishlari yakuni va 2021 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha aholiga murojaat qildi.
– Prezidentimiz tashabbusi bilan bu yil mamlakatimizda ilk bor har bir hudud rahbari – hokimlar yakuniga yetayotgan yilda amalga oshirilgan ishlar va kelgusi yil rejalari yuzasidan xalqimizga murojaat qilmoqda, – dedi E.Turdimov. – Shu paytgacha viloyatimizning barcha tuman va shahar Kengashlari sessiyalarida hokimlar aholiga murojaat qildi. Bugun viloyat bo‘yicha ishlarimizni tahlil qilib, kelgusi yil rejalarimiz haqida xalqimizga ma’lumot bermoqchimiz. Bu biz – rahbarlarning xalqimiz oldidagi o‘ziga xos hisobotimiz, qolaversa, kelgusi yil rejalari yuzasidan sizlar bilan kengashimiz, mashvaratimizdir.
Murojaatda ta’kidlanishicha, pandemiya davrida iqtisodiyot tarmoqlari uzluksiz ishlashini ta’minlash hamda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash maqsadida davlatimiz tomonidan berilgan bir qator imtiyoz va yengilliklar tufayli 19,5 mingta yakka tartibdagi tadbirkor va 37 mingta mikrofirma va kichik korxonalarga 272 milliard so‘mlik soliq imtiyozlari qo‘llanilgan. 265 ta xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning 7,8 milliard so‘m soliq to‘lov muddati kechiktirildi, 3360 ta korxonaning 1,4 milliard so‘m soliq qarzi va penyasi hisobdan chiqarildi. Shu bilan bir qatorda 1 540 ta kichik tadbirkorlik sub’ektlari 7,1 milliard so‘mlik mol-mulk va yer soliqlarini to‘lashdan ozod etildi.
[gallery-515]
Bu imkoniyatlar natijasida joriy yil yakuni bilan yalpi hududiy mahsulot hajmi 42,1 trillion so‘mga yoki o‘tgan yilga nisbatan 1,9 foizga o‘sishi kutilmoqda. O‘tgan 11 oy davomida sanoat mahsulotlari o‘sish sur’ati 0,7 foiz (15,8 trillion so‘m), xizmatlar ko‘rsatish 2,9 foiz, qurilish-pudrat ishlari 7 foizni tashkil etdi. Aholi jon boshiga sanoat mahsulotlari 4,1 million so‘mga, chakana savdo aylanmasi 3,7 million so‘m hamda xizmatlar 3,3 million so‘mga yetdi.
Viloyat hokimi 2021 yil uchun belgilangan vazifalarni amalga oshirishda hokimlar, mutasaddi idoralar rahbarlaridan shaxsiy mas’uliyat talab etilishini ta’kidladi.
Sessiyadan so‘ng tashkil etilgan matbuot anjumanida viloyat hokimi E.Turdimov jurnalist va blogerlarning savollariga batafsil javob berdi.
– Murojaatda aytgan fikrlarimiz, kelgusi yil uchun ustuvor yo‘nalishlarimizni amalga oshirishda ommaviy axborot vositalari vakillari, ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilarini ham faol ishtirok etishga chaqiraman – dedi anjuman yakunida E.Turdimov. – Chunki, bu jarayonda jamoatchilik nazoratining o‘rnatilishi barcha vazifalarning ochiq va oshkora, o‘z vaqtida bajarilishiga yordam beradi.
G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA