Buxoro viloyati Vobkent tumani o‘tgan asrning 20 yillarida tashkil topgan. Bugunda hudud 44 ta mahalla fuqarolar yig‘inini o‘z ichiga oladi. Tumanda tarixiy manzillar, ziyoratgohlar, muqaddas qadamjo va maqbaralar, masjid va xonaqolar bo‘lib, ulardan ko‘zga ko‘ringanlari Xoja Mahmud Anjir Fag‘naviy ziyoratgohi, Chashmai Ayyub xazirasi, Vobkent minorasi, Mavlono Ya’qub Charxiy (Tosh masjid), ko‘hna hammom kabi tarixiy obidalari bilan turizm salohiyati rivojlanmoqda.
Tumanda keyingi yillarda yana bir etnik qishloq – “Shirin” mahalla fuqarolar yig‘inidagi Shirin qishlog‘i o‘ziga xosligi, tarixiy an’ana va qadriyatlari, mahalliy urf-odatlari bilan etnoturizm qishlog‘i sifatida rivojlanmoqda. Qishloqda sho‘rdanak bilan birga quruq mevalar, milliy shirinliklar, poliz ekinlari va hunarmandchilik mahsulotlarini tayyorlash avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan meros sanaladi.

Qishloqda bir nechta o‘tovlar tayyorlangan bo‘lib, bir tomonda alohida suv havzasi, bir yoqda alohida og‘ilxona qurib, unda sigir-buzoq, qo‘y-echki, tovuq, o‘rdak, kurka kabi parranda yoki quyon parvarishi olib borilayotgani ham mehmonlarning qiziqishi va hayratini oshirishi tabiiy.

Shu bilan birga, Shirin turizm qishlog‘ida tashabbuskor tadbirkorlar tomonidan 20 dan ortiq mehmon uyi, 10 ga yaqin hunarmandchilik markazi, 20 dan ortiq savdo va umumiy ovqatlanish shoxobchasi, o‘ttizga yaqin baliqchilik, halvopazlik, sho‘rdanak tayyorlash kabi xizmatlar, xorijiy hamda mahalliy sayyohlar uchun Wi-Fi nuqtalari, tashkil etish orqali 300 nafar kishini ish bilan band qilish imkoniyati yaratilmoqda.

Umuman, yillar davomida qishloq hunarmandlari, kosiblari, qandolatchilari kundalik ish faoliyati, zardo‘zlarining milliy hunarmandchilik sirlari, turli mazali milliy taomlarini tayyorlash jarayoni mehmonlar hayratiga sabab bo‘lib keladi. So‘nggi paytda bu qishloq xorijiy sayyohlarning ham gavjum sayohat manzillaridan biriga aylanib bormoqda.

Shular asosida Buxoro viloyati Vobkent tumanidagi Shirin qishlog‘iga etnoturizm qishlog‘i maqomi berishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Shirin – etnoturizm qishlog‘ini yanada shakllantirish, hududdagi “Shirin etno house” markazi faoliyatini rivojlantirish, hunarmandlar markazi, qadimiy sandal uylar, dehqonchilik asbob-anjomlari tayyorlash, ot va tuyada sayr qilish, qadimiy tosh tegirmon ishi, shuningdek, asalarichilik, sho‘rdanak va milliy shirinliklar, qandolat mahsulotlari tayyorlash kabi udumlarni maromiga yetkazib, chet ellik mehmonlarga ham namoyish etish, targ‘ib etishga e’tiborni kuchaytirish zarurligi aytildi.
Tadbir davomida yig‘ilganlar etnik qishloq ko‘kalamzorligi uchun daraxt ko‘chatlarini o‘tqazdi.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri.