Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
E’tirofga yarasha natijalar
17:39 / 2026-01-10

Mamlakatimizda aqlan barkamol, ruhan tetik, sog‘lom va iqtidorli yosh avlodni tarbiyalashga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilmoqda.

Prezidentimizning Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida ham “Biz Yangi O‘zbekistonni barpo etishda eng katta kuch va tayanch sifatida yoshlarimizga ishonamiz”, deya alohida ta’kidlandi.

Yakuniga yetgan 2025 yil ko‘p millatli yurtimiz, xususan namanganlik yoshlar faoliyatida unutilmas va salmoqli natijalarga boy bo‘ldi. Hukumatimiz topshiriqlari assoida viloyatdagi mavjud 754 ta mahalla fuqarolar yig‘ining har bir birida “Yoshlar balansi” shakllantirilib, shu orqali 725 ming nafar yosh uch toifaga ajratilgan holda, individual ishlash tizimi joriy etildi.

– Ertamiz egalarining iqtisodiy imkoniyatlarini yaxshilash maqsadida har bir mahallada “Fuqarobay” tasdiqlangan “Yoshlar bandligi” dasturi amalga oshirilib, o‘tgan yilda mazkur dasturga kiritilgan 33 ming 715 nafar o‘g‘il-qizning bandligi ta’minlandi. Davlatimiz rahbarining 2025 yil 14 fevraldagi “Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish va bandligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 14 mingdan ortiq yigit-qizlarga viloyatdagi tijorat banklari tomonidan 505 milliard 916 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilib, kichik biznes va tadbirkorlik faoliyati yo‘lga qo‘yildi, – deydi Yoshlar ishlari agentligi Namangan viloyati boshqarmasi boshlig‘i Baxtiyor Mirzatov.

Pop tumanining Bog‘ mahallasida istiqomat qiluvchi Samandar Abdulazizov 35 million so‘mlik krediti hisobidan texnika vostitalari savdosini amalga oshirishi natijasida oylik 9 million so‘m daromadga ega bo‘ldi. Chust tumanining Do‘zanda mahallasida yashovchi Shohruh G‘iyosov 100 million kredit mablag‘ini avtomobillarni yuvish shoxobchasini tashkil etishga yo‘naltirdi. O‘zi va boshqalarni ham bandligini ta’minlash bilan bir qatorda har oyda o‘rtacha 15-17 million so‘m atrofida daromad topmoqda.

 “Yoshlar daftari” ijtimoiy himoyaga muhtojlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, hayotga to‘g‘ri moslashuvida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Birgina 2025 yilning o‘zida ushbu daftarga kiritilgan 3 ming 889 nafar yoshga 9 milliard 701 million so‘m moddiy yordam ko‘rsatildi. Shuningdek, “Ielts”, “Toefl”, “Gmat” kabi xalqaro imtihon tizimlarida yuqori natijaga erishgan 1 ming 251 nafar iste’dod egasiga 2 milliard 767 million so‘m imtihon xarajatlari qoplab berildi. “Ibrat farzandlari” loyihasi doirasida 149 ming nafardan ziyod yoshlar xorijiy tillarga bepul o‘qitildi.

Dehqonchilik qilish istagini bildirgan 18 mingdan ortiq yoshlarga ajratib berilgan 4,5 ming gektar yerdan yil davomida 266 tonna hosil olinib, 66 million foyda ko‘rishga erishildi. Masalan, Mingbuloq tumanining Farovon mahallasida yashovchi Tohirjon Tursunboyev 15 sotix yer maydonida makka va sholi ekib, bir yilda ikki marotaba hosil olishi natijasida 15 million daromad oldi. To‘raqo‘rg‘on tumanining Kumidon mahallasida istiqomat qiluvchi Ilyosbek Isoqjonov 20 sotix maydonida sarimsoqpiyoz va makkadan bir yilda ikki bor hosil ko‘tardi va 18 million so‘m daromadga ega bo‘ldi.

Yoshlarni otaliqqa olish va ular bilan manzilli ishlash bo‘yicha to‘rt mingga yaqin yosh viloyatdagi huquq-tartibot va mudofaa idoralarining 403 nafar mas’uliga biriktirilib, ular tomonidan bildirilgan 1 ming 743 ta muammo ijobiy xal etildi. Qolaversa, besh marotaba 10 kunlik “Jasorat maktabi” tashkillanib, ushbu yig‘inlarga 450 nafar yosh qamrab olindi. 

Mahallalarda yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan “Besh tashabbus olimpiadasi” ikkita mavsumining barcha bosqichlarida 841 ming nafardan ziyod o‘g‘il-qiz ishtirok etdi. Ushbu tanlov va musobaqalarning respublika bosqichida viloyatimiz yoshlari jami yetti oltin, yetti kumush, besh bronza, jami 19 ta medalni qo‘lga kiritdi. 

Prezidentimiz sovrini uchun o‘tkazilgan “Eng yaxshi xorijiy til maktabi” tanlovining respublika bosqichida Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 10-sonli umumta’lim maktab jamoasi g‘olib chiqib, jami 850 million so‘m pul mukofoti va Buyuk Britaniyaga bir haftalik bepul sayohatni qo‘lga kiritdi.

E’tiborlisi shundaki, o‘tgan yilning o‘zida madaniyat, san’at yo‘nalishlarida 471 nafar o‘quvchi xalqaro va respublika tanlovlarida faxrli o‘rinlarga sazovor bo‘ldi. Sportchilar ham salmoqli natijalarga erishdi. O‘zbekiston chempionatlari va kuboklaridagi natijadorlik e’tiborga molik. 691 ta oltin, 761 ta kumush, 1089 ta bronza medali rasmiylashtirildi. Namanganlik atletlar Jahon chempionati va jahon kubogida 17 ta oltin, 16 ta kumush, 35 ta bronza, Osiyo chempionati va qit’a kubogi musobaqalarida esa 16 ta oltin, 17 ta kumush, 42 ta bronza medali bilan taqdirlandi.

E’tirof etish joiz, uchqo‘rg‘onlik bokschi Fazliddin Erkinboyev Birlashgan Arab Amirliklarida bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida barcha raqiblarini yengib, chempionlik unvonini qo‘lga kiritdi. Bu bilan u 2028 yili AQSHning Los Anjeles shahrida bo‘ladigan yozgi Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasi uchun asosiy dav’ogarlardan biri ekanligini yana bir karra ko‘rsatdi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.