FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktabda “Ustozga ehtirom” tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda Davlat xavfsizlik xizmatchi chegara qo‘shinlari xizmatchilari ishtirok etib maktab direktori Dilfuza Mirzayevaga O‘zbekiston Respublikasi DXX Chegara qo‘shinlari qo‘mondoni buyrug‘i bilan III darajali “DXX CHEGARA QO‘SHINLARI A’LOCHISI” ko‘krak nishoni va minnatdorlik tashakkurnomasini taqdim etdilar.
[gallery-25593]
D. Mirzayeva maktab o‘quvchilaridan tarkib topgan “O‘zbegim o‘g‘lonlari” jamoasining “Yosh chegarachilar” harbiy sport musobaqasi respublika bosqichida erishgan yutuqlari evaziga mana shunday e’tirofga sazovor bo‘ldi.
Qolaversa, mazkur ta’lim muassasasida yaratilgan sharoitlar, mahoratli pedagoglar tomonidan jahon andozalari asosida berilayotgan bilim, qo‘llanayotgan zamonaviy metod, o‘qitish jarayonlari qisqa vaqt ichida bilim maskanini qator muvaffaqiyatlar qozonishiga zamin yaratdi. Jumladan, ushbu ixtisoslashgan maktab o‘quvchilari uch yildan buyon respublikada matematika fani bo‘yicha birinchi o‘rinni egallab turibdi. O‘quvchilar olimpiada va xalqaro tanlovlarda yuqori ko‘rsatkichlarga erishib kelmoqda. Bu yil “Ixtirochilikka qadam” tanlovida birinchi o‘rinni egallagan 7-sinf o‘quvchisi Nafisa Dilmurodova 56 million so‘mlik pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Tadbirda mana shunday salmoqli yutuqlar sarhisob qilindi. O‘quvchilar ustozlarga ehtiromlarini namoyon etdilar, yangi o‘quv yilida muvaffaqiyatda bardavom bo‘lish, yanada izlanish, bilimlarini mustahkamlash bo‘yicha o‘z oldiga katta maqsadlar qo‘yishdi.
Hotam MAMADALIEV(surat),O‘zA