Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
E’tirofga munosib mo‘’tabar ayol
11:14 / 2022-03-11

“Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasi” aksiyadorlik jamiyatida bugungi kunda 500 nafardan ortiq xotin-qizlar mehnat qiladi.

Stansiyada kunni-tunga ulab xalq xizmatida bo‘lgan, erkaklar bilan yelkama-yelka ishlayotgan energetik ayollar talaygina.

Ulardan biri ushbu korxonada elektr montyori bo‘lib ishlab kelayotgan Gulchehra Yuldashevadir.

U Toshkent viloyati, Bekobod shahrida tug‘ilgan. O‘rta maktabni tamomlagach, Shirin energetika texnikumi (Hozirgi Energetika kolleji)ga “Issiqlik texnigi mutaxassisligi” bo‘yicha o‘qishga kirgan va ushbu texnikumni a’lo baholarga tugatib, 1987 yilda Sirdaryo davlat elektr stnatsiyasi kimyo sexida 3-razryadli apparatchi lavozimidan ish faoliyatini boshlagan.

Qariyb 36 yildirki Gulchehra Yuldasheva ushbu korxonaning turli lavozimlarida mehnat qilib, ishchanlik, tashabbuskorlik, fidoiylik xususiyatlari bilan hamkasabalari orasida katta hurmat va e’tibor qozongan.

Gulchehra opa yuqori malakali xodim sifatida mehnat jamoasida yaxshi do‘st, qadrdon hamkasb, mehribon ona. Bundan tashqari, har doim maslahat va o‘gitlari bilan yosh xotin-qizlarga va shogirdlariga yordam qo‘lini cho‘zib kelayotgan fidoyi ishchilardan biridir.

G.Yuldasheva samarali va namunali mehnatlari uchun “Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan berilgan “Energetika faxriysi” unvoni sohibasidir. Kuni kecha 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan fidokorona va mashaqqatli, halol mehnatlari tufayli “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoni bilan ham taqdirlandi.

– Minnatdorman, – deydi Gulchehra Yuldasheva. – Mehnatlarimning yuksak baholanishi kuch-g‘ayrat, shijoat berdi. Zimmamdagi mas’uliyatni yanada oshirdi.

“Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoni Sirdaryo viloyatining Gulchehra Yuldasheva kabi 13 nafar ayoli ko‘ksida o‘zgacha nur sochib turibdi.

Shuhrat Suyarov, O‘zA