Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
E’tirofga loyiqsiz aziz ustozlar
16:32 / 2024-10-01

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan ta’lim-tarbiya tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlardan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga asosan davlatimizning yuksak mukofotlari – unvon, orden va medallar bilan taqdirlanganlar orasida namanganlik pedagog ham e’tirof etildi.

Ushbu munosabat bilan Namangan shahridagi “Ma’rifat maskani”da davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, viloyat faollari, tizimda mehnat qilayotgan fidoyi va ilg‘or muallimlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda mazkur mukofotlar o‘z egalariga bayramona ruhda taqdim etildi.  

Tadbir avvalida, Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov mamlakatimizda yosh avlod kamolotiga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ta’lim sifatini yanada yaxshilash, butun hayotini ertamiz egalari tarbiyasiga bag‘ishlagan jonkuyar o‘qituvchilar, ustoz-murabbiylar mehnatini munosib rag‘batlantirish, ularning ish va turmush sharoitini yaxshilash, jamiyatdagi mavqeyini oshirishga katta ahamiyat qaratilayotganligini ta’kidladi.

Qayd etilganidek, keyingi yillarda amalga oshirilgan islohotlar natijasida pedagog-xodimlarning sifat tarkibi tubdan o‘zgardi. Jumladan, viloyatda oliy va birinchi toifali o‘qituvchilar ulushi 2017 yilda 16,2 foizga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, hozirgi kunda bu ko‘rsatkich 40,8 foizni tashkil etmoqda.

Ilgarilari o‘qituvchilarning oylik maoshlariga qo‘shimcha tarzda faqat toifa uchun ish haqqi to‘langan bo‘lsa, bugunga kelib, muallimlarning oylik maoshi uch baravarga oshirildi hamda qo‘shimcha rag‘batlantirish, ya’ni fan sertifikat ustamasi, vazir va direktor jamg‘armalari hamda attestatsiya mexanizmlari joriy etildi. Natijada Namangan viloyatida 4,5 million so‘mdan, 6 million so‘mgacha maosh oladigan o‘qituvchilar soni 3,5 mingdan, 10 million so‘mdan yuqori maosh oluvchilar soni esa 400 nafardan oshdi.

– Maktab va o‘quvchilar hayotimning ajralmas bir bo‘lagi. O‘ttiz yildan ziyod vaqt davomida yoshlarga ta’lim berib kelaman, – deydi Norin tumani Uchtepa qishlog‘idagi 42-sonli umumta’lim maktabining jismoniy tarbiya fani o‘qituvchisi Yasharjon Mamadaliyev. – O‘sib kelayotgan yosh avlodni sportga oshno etish nafaqat sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, balki ularni komil insonlar bo‘lib yetishishlarida ham muhim ahamiyat kasb etadi. Ana shu hayotiy haqiqatni teran his qilgan holda 25 nafar shogirdimni o‘zim kabi murabbiy qilib tarbiyaladim. Bugun ular viloyatimizning turli ilm maskanlarida qizg‘in faoliyat yuritmoqda. O‘tgan o‘quv yili men uchun salmoqli bo‘ldi, ikki nafar shogirdim basketbol bo‘yicha respublika chempionatida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, oliy o‘quv yurtlariga imtiyozli asosida davlat granti bo‘yicha talabalikka muddatidan avval qabul qilindi. Kamtarona mehnatim munosib e’tirof etilib, “Sog‘lom turmush” medaliga munosib ko‘rilganidan behad baxtiyorman. Kelgusida bu bildirilgan ishonchni yurakdan his etgan holda Olimpiya o‘yinlari, jahon va Osiyo chempionlarini tarbiyalashga astoydil intilaman.

Tadbirda taqdirlanganlar so‘z olib, ko‘rsatilgan e’tibor va e’tirof uchun Prezidentimizga chuqur minnatdorlik bildirdilar.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.