Bugun oydin orzular va ezgu maqsadlar yo‘lida birlashib, xalqona ta’bir bilan aytganda “bir yoqadan bosh chiqarib” mehnat qilayotgan ko‘p millatli mamlakatimiz ahli yanada ulkan marralar sari odimlamoqda.
“Inson qadri uchun” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan barcha islohotlar, keng ko‘lamli bunyodkorlik va ijodkorlik zamirida do‘stu birodarlik, birdamlik va yakdillik mujassam. Shu ma’noda ta’kidlash o‘rinliki, birdamlik, hamjihatlik va bag‘rikenglik g‘oyalarini xalqimiz ongu shuuriga singdirishda, yosh avlodni do‘stlik va birodarlik ruhida tarbiyalashda nuroniylarimiz, keksalarimizning o‘rni bo‘lakcha.
Prezidentimizning “Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan bir guruh faollarni mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga asosan, “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlanganimdan behad mamnunman. Bizning So‘x tumanimizda turli millat vakillari tinch-totuvlikda istiqomat qiladi. Tojik, o‘zbek, qirg‘iz, tatar va boshqa tillarda so‘zlovchilar uchun, ajabki, hech bir tarjimonu tilmoch kerakmas – ular bir-birlarini dildan tushunadilar. Azaldan do‘stu qadrdon, quda-anda bo‘lib ketishgan, devor-darmiyon qo‘shni, dildoshu hamqadam so‘xliklar.
Aytishni istardimki, bu mukofot So‘xda istiqomat qilayotgan barcha nuroniylarimiz, duogo‘y keksalarimizga berilgan mukofotdir. Davlatimiz rahbarining mazkur e’tirofi baholi qudrat amalga oshirgan kamtarona ishlarimiz uchun mukofotgina bo‘lib qolmay, hali oldimizda turgan ko‘plab xayrli amallar, insonparvar islohotlarni ro‘yobga chiqarishda zimmamizga ulkan mas’uliyat ham yuklaydi.
Bundan buyon ham xalqlar do‘stligini, millatlar totuvligini ta’minlash borasida sitqidildan mehnat qilish, olovqalb yoshlarga kamarbasta bo‘lish bizning asosiy maqsadimiz bo‘lib qolaveradi.
Suvxiddin Sharofidinov,
Farg‘ona viloyati So‘x tumani nuroniylar jamoatchilik kengashi faoli,
“Mehnat shuhrati” ordeni sohibi.