FOTOREPORTAJ
Guljamol Asqarova 2001-yilda adabiyot sohasidagi yutuqlari va ijtimoiy faolligi uchun Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan. Yoshlikdagi bu yuksak e’tirof uning hayotida muhim burilish yasab, nafaqat ijodiy, balki ijtimoiy faoliyatda ham mas’uliyatni yanada oshirdi.
Bugun u O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasida bosh mutaxassis sifatida faoliyat yuritib, oila institutini mustahkamlash, xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, milliy qadriyatlarni targ‘ib etish yo‘nalishida samarali mehnat qilmoqda.
Tizimdagi qariyb 20 yillik ish tajribasi davomida u mamlakatimizning turli hududlarida amalga oshirilgan “Obod mahalla”, “Eng namunali oila”, “Tinchlik va totuvlik – oliy ne’mat” kabi tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazishda faol ishtirok etdi. Bu jarayonlarda 600 dan ortiq oila o‘rganilib, 200 dan ziyod oilaga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilishi ta’minlandi.
Ayniqsa, “Kitobxon onalar” ma’rifiy loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar alohida e’tiborga loyiq. Uch yil mobaynida 35 marotaba “Kitobxon onalar kuni” tashkil etildi. Minglab xotin-qizlar kitobxonlikka jalb qilindi, 100 dan ortiq xonadonda kutubxona tashkil etildi, 2000 dan ziyod oilada mutolaa madaniyati targ‘ib qilindi.
Mazkur tashabbuslar xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, farzand tarbiyasida kitobning o‘rnini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Guljamol Asqarova yurtimiz ayollarining jamiyatda munosib o‘rin egallashiga ko‘maklashib kelmoqda. Iste’dodli qizlarning ijodiy maydonga kirib kelishiga turtki berib, respublika hududlarida Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlarining ijodiy uchrashuvlarini tashkil etish, ularning kitoblarini nashrga tayyorlash ishlariga bosh-qosh bo‘ldi.
[gallery-27949]
Qahramonimiz nafaqat davlat xizmatchisi, balki xalqimizning sevimli shoirasi sifatida ham tanilgan. U 1998-yildan buyon O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi hisoblanadi. O‘zbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyevaning sadoqatli shogirdi sifatida ustoz merosini keng targ‘ib etib kelmoqda. Xususan, ustozining to‘rt tomlik asarlar to‘plamini nashrga tayyorlash va chop etish ishlarida faol ishtirok etdi.
2017-yilda tashkil etilgan “Dugonalar” jurnali faoliyatini ma’rifiy yo‘nalishda yo‘lga qo‘yish, uni badiiy tafakkur va ma’rifiy saviyani yuksaltirishga xizmat qiluvchi nashrga aylantirishga munosib hissa qo‘shdi.
2024-yilda Turkiston saroyida hamda respublika hududlarida o‘tkazilgan “Vatan manzumasi” va “Ma’naviyat karvoni” tadbirlaridagi ishtiroki ham uning ijodiy va jamoatchilik faoliyati uyg‘unligini yaqqol namoyon etdi.
Guljamol Asqarova O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakulteti magistraturasini davlat granti asosida tamomlab, “Alisher Navoiy ijodida til va tahrir” mavzuida magistrlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Mazkur ilmiy izlanishlar uning ijodiy faoliyatiga tahliliy yondashuv va chuqur ilmiy qarashlarni olib kirdi.
Bugungi kunda Guljamol Asqarova nafaqat Zulfiya mukofoti sohibasi, balki yosh avlod uchun ibrat maktabiga aylangan shaxsdir. Uning ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi, yuzlab she’rlari, ma’rifiy tashabbuslari va jamoatchilik ishlaridagi ishtiroki — yoshlikdagi iqtidor bugun mas’uliyatli xizmat va fidoyilikka aylanganining yorqin namunasidir.
“Zulfiyaxonim izdoshlari” loyihasi ana shunday fidoyi ayollarning bugungi qiyofasini ochib berib, yoshlikdagi e’tirof Vatan ravnaqi yo‘lidagi sadoqatli xizmatga aylanganini namoyon etadi.
Kamola Yusupova,
Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA