Koreya Respublikasining “Diplomatik xizmatlari uchun” ordeni 1963yil 25 iyulda mamlakat fuqarolari va xorijliklarni diplomatik sohadagi xizmatlarini e’tirof etish, shuningdek, chet elda milliy obro‘-e’tiborni oshirish, xalqaro hamkorlik va do‘stlikni rivojlantirishga ko‘maklashgani uchun rag‘batlantirish maqsadida ta’sis etilgan.
Mazkur nufuzli mukofot bilan yurtdoshlarimiz ham bor. Masalan, yaqinda shunday e’tirofga Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Valeriy Tyan sazovor bo‘ldi.
Shu munosabat bilan bugun qo‘mitada rasmiy taqdirlash marosimi tashkil etildi. Tadbirda qo‘mita xodimlari, O‘zbekiston Koreys madaniyat markazlari uyushmasi faollari “O‘zbekiston-Koreya” do‘stlik jamiyati a’zolari ishtirok etdi.
O‘zbekiston va Janubiy Koreya xalqlarining san’ati, madaniyati, milliy mentaliteti va mehnatkashligida o‘xshashlik, bir-biriga yaqinlik mavjud. Vaziyat, taqdir taqozosi bilan yurtimizga kelgan va shu yerda yerda muqim yashab qolgan koreyslar xalqimiz bilan do‘st-qadrdon yashab kelmoqda. Ularning ko‘pchiligi jamiyatimizda ko‘zga ko‘ringan, obro‘-e’tiborli, hurmatga sazovor, turli sohalarda ulkan yutuqlarga erishgan insonlar.
O‘zbekiston havo yo‘llari tizimida ko‘p yillar samarali mehnat qilgan Valeriy Tyan ham yurtimizda millatlararo totuvlik va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stona aloqalarni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shib kelyapti.
- “Diplomatik xizmatlari uchun” ordeni Koreya Respublikasining ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlikni kengaytirish va mustahkamlashga qo‘shgan munosib hissasi uchun beriladigan oliy mukofot, - dedi Janubiy Koreyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Kim Xi Sang. - Ushbu ordenni berish to‘g‘risidagi farmonni Prezident Yun Sok Yol imzoladi. Davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik yil sayin rivojlanmoqda. O‘zbekiston bizni xalqaro miqyosda har jihatdan qo‘llab-quvvatlab keladi.
- Kamtarona mehnatim yuksak mukofotga loyiq ko‘rilganidan mamnunman, - deydi Valeriy Tyan. – Bu e’tirofni keyingi faoliyatim uchun yana bir rag‘bat sifatida qabul qilaman. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikni yanada mustahkamlash, xalqlarimiz farovonligi yo‘lida o‘zaro munosabatimizni kengaytirishga bundan buyon ham hissa qo‘shishga tayyorman.
[gallery-6350]
Go‘zal Sattorova, O‘zA