French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
E’tirof ishonchga, ishonch esa mas’uliyatga aylanganda
10:17 / 2026-03-05

FOTOREPORTAJ

Yoshlikda e’tirof etilgan iqtidor inson zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti ana shunday yuksak ishonch ramzi hisoblanadi. Bugun ushbu mukofot an’analarini munosib davom ettirib, jamiyat hayotida faol o‘rin egallagan xotin-qizlar safida Nargiza Yunusova ham bor.

Mukofot sohibasi ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi Axborot xizmatida yetakchi mutaxassis sifatida faoliyat yuritmoqda.

Nargiza Yunusova Samarqand viloyatining Toyloq tumanida tug‘ilgan. 2016-yilda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakultetini, 2023-yilda O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti magistratura bosqichini tamomlagan.

Ayni paytda u mazkur universitetda mustaqil tadqiqotchi sifatida “Onlayn jurnalistikada vizualizatsiya usullari” mavzusida dissertatsiya ishi ustida izlanish olib bormoqda. Uning ilmiy qiziqishlari zamonaviy axborot makonida vizual kontentning o‘rni, auditoriyaga ta’sir mexanizmlari hamda raqamli jurnalistikada axborot samaradorligini oshirish masalalari bilan bog‘liq.

Nargiza Yunusovaning “Multimedia journalism: current trends, tools, services”, “The role and specific features of social networks in online journalism”, “Journalism and the Internet: text web coherence” kabi ilmiy maqolalari xalqaro jurnallarda chop etilgan. Bu uning ilmiy izlanishlari keng ilmiy muhitda ham e’tirof etilayotganini ko‘rsatadi.

Jurnalistika sohasida u izchil izlanishlari, xotin-qizlar huquqlari va gender tengligi masalalarini yoritishga qaratilgan tahliliy materiallari bilan tanilgan. Uning 100 ga yaqin maqolasi respublika ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan. Ushbu materiallar nafaqat axborot berish, balki jamoatchilikni o‘ylantirish va faollikka chorlashga xizmat qilmoqda.

2021-yilda “Oltin qalam” XV Milliy mukofoti doirasidagi xalqaro tanlovda muvaffaqiyat qozonishi, shuningdek, “Gender tenglik faoli” milliy tanlovida g‘olib bo‘lishi uning kasbiy salohiyati va jamoatchilik e’tirofini yana bir bor tasdiqladi.

Qahramonimiz faoliyati faqat jurnalistika bilan cheklanmaydi. U Toyloq tumanida “Faol ayollar” klubini tashkil etib, xotin-qizlarning huquqiy savodxonligini oshirish, psixologik qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy faolligini kuchaytirishga qaratilgan seminar va treninglar o‘tkazib kelmoqda. Uning fikricha, ayolning jamiyatdagi o‘rni taraqqiyotning muhim omilidir. Zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, o‘z haq-huquqini biladigan va faol pozitsiyaga ega ayollar mamlakat kelajagining mustahkam poydevorini yaratadi.

Nargiza Yunusovaning badiiy ijodga qiziqishi ham yuqori. Uning “Hadya” nomli badiiy-publitsistik kitobi ma’naviy izlanishlar, inson qadri va hayotiy xulosalarga boy. Ilk she’riy to‘plamlari – “Latif tuyg‘ular” va “Bekatsiz yo‘l” esa uning qalb dunyosini ifoda etgan dastlabki ijod namunalari hisoblanadi.

[gallery-27972]

Ijod uning uchun nafaqat mashg‘ulot, balki ruhiy ehtiyojdir. So‘z orqali qalblarga yo‘l topish, ma’naviy qadriyatlarni targ‘ib etish – uning hayotiy tamoyillaridan biri.

Yoshlikda erishilgan e’tirof bugun Nargiza Yunusova uchun katta mas’uliyatga aylangan. U axborot maydonida xolislik va professionallik mezonlarini mustahkamlash, raqamli jurnalistikada milliy kontent sifatini oshirish hamda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini kuchaytirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.

Nargiza Yunusovaning hayot yo‘li va bugungi faoliyati – e’tirof ishonchga, ishonch esa mas’uliyatga aylanganining yorqin namunasidir.

Kamola Yusupova,

Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA