French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
E’tirof insonga qanot hamda mas’uliyat bag‘ishlaydi
18:39 / 2021-08-25

Mamlakatimiz rahbarining farmonlariga binoan O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan bir guruh yurtdoshlarimiz yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlandi. Ular orasida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi,shoir Orif To‘xtash ham bor. Shoir “Shuhrat” medali bilan mukofotlandi.

O‘zA muxbiri bolalar shoiri, o‘zining samimiy, falsafiy she’rlari bilan ko‘plab muxlislar orttirgan Orif To‘xtashning ko‘ngil taassurotlari bilan qiziqdi.

–E’tirof insonga qanot baxsh etadi. Chindan-da shunday! Hech e’tibor berganmisiz, xonadoningizdagi bolakaylarning biror yutuqli xatti-harakatini bir og‘iz shirin e’tirof ila rag‘batlasangiz, ular bundan-da ulkan marralar sari “qanot chiqarishi” turgan gap. Shu soniyadan boshlab uning murg‘ak qalbida o‘ziga ishonch va kelajakka katta umid paydo bo‘ladi.

Bu muqoyasa so‘zlarni bolalar ijodkori sifatida keltirib turibman. Ayni paytda mening ko‘nglimda ham mana shunday jarayon kechayotganday. Chunki men ham yurtimning erka bolasiman, axir! Qolaversa, davlat rahbarining taftli qo‘llarini yelkangda his qilib tursang boshqacha bo‘larkan!

Alohida va qalin harflar bilan bitilajak biror ishni qoyillatdimmi, yo‘qmi, bilmadim, ammo o‘z-o‘zimdan qanoatlanmay tursam-da, bugungi e’tiroflardan “qanotlanganim” bor gap!

Ayni damda ijodkor do‘stlarim, barcha qadrdonlarning qutlov qo‘ng‘iroqlari bir taraf, mehribon onajonimning birgina tabrigi bir taraf bo‘lib turibdi!

Mana shu o‘rinda bir kemtiklik ham yuragimni ishg‘ol etayotganini aytmasam bo‘lmas. Bolaligimdanoq meni adabiy davralar sari eltgan, “Shu yurtning munosib kuychisi bo‘l, bolam!” deya sehrli so‘z olamiga olib kirgan, butun umrini biz ijodkor farzandlariga baxshida qilgan, shoirqalb otajonimning quvonchli qo‘ng‘irog‘i yetishmayapti. Ushbu xushxabar mendan ham ko‘ra rahmatli otamning ko‘nglini chandon yuksaltirishi tayin edi, aslida. Ming afsus...

Arzimas ishlaring uchun shaxsan Yurtboshi tomonidan e’tirof etilishing katta baxt, katta sharaf! Shu bilan bir qatorda, ulkan mas’uliyat hamdir!

Mana shunday Vatanda tug‘ilmoq, yashamoq va uning har qanday xizmatiga shay turmoq fuqarolik burchimiz sanaladi.

Vatanimiz mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlab yozilgan ushbu she’rimni O‘zA o‘quvchilariga ilindim.

Yangi O‘zbekiston

Dunyolarning oldida

Tili qisiq joyim yo‘q,

Shu tuprog‘im bo‘lmasa,

Quyoshim yo‘q, oyim yo‘q,

Tinchlik desa “xo‘p” dedim,

Aksi uchun doim “yo‘q”,

Bor bo‘lsa ham zakovat

Jangi O‘zbekistonda,

Qaror topgay adolat

Yangi O‘zbekistonda!

Men so‘z aytsam o‘tmishim,

Bugunim yo ertamdan,

Bolam qo‘limdan tutar,

Ajdodlarim yelkamdan,

Bu zanjir uzilmagay,

Bobomeros o‘lkamdan,

Temuriylar tulporin

Changi O‘zbekistonda,

Kamol topar shunqorim

Yangi O‘zbekistonda!

Iymon, insof, diyonat –

So‘zin tanir o‘zbekman,

Avval Haqni va yana

O‘zin tanir o‘zbekman,

Har manzilda hamisha

Ezgulikdan so‘z debman,

Tug‘romda Humo qushi

Mangu O‘zbekistonda,

Baxtiyordir har kishi

Yangi O‘zbekistonda!

Yaxshilik elchisiga

Mudom bag‘ri keng bu yurt,

Tarovat-u chiroyda

Jannatlarga teng bu yurt,

Yurtparvar yurak uchun

A’losidir eng bu yurt,

Bayrog‘imning mazmundor

Rangi O‘zbekistonda,

Har manzara maftunkor

Yangi O‘zbekistonda!

Tuprog‘imga yarashgan

Bahorlarim bor mening,

Duolardan yorishgan

Saharlarim bor mening,

Olamning mehri tushgan

Shaharlarim bor mening –

Buxoroyu Samarqand

Dong‘i O‘zbekistonda,

O‘tmish yangilanarkan

Yangi O‘zbekistonda!

Nurli kunlar nafasi

Kuylanmoqqa munosib,

Ezgu g‘oya zakosi

Siylanmoqqa munosib,

Qalb ko‘zimiz ziyosi

Uyg‘onmoqqa munosib,

Ma’naviyat mash’ali

Yondi O‘zbekistonda,

Yangi hayot boshlanur

Yangi O‘zbekistonda!

D. Mamatova yozib oldi.