Prezidentimizning joriy yil 23 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishoni bilan mukofotlash to‘g‘risida”ga farmoniga muvofiq, “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati va uning tizimidagi tashkilotlarda faoliyat yuritib kelayotgan xodimlar “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Shu munosabat bilan «O‘zbekgidroenergo» AJda tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi, deb ma’lum qildi jamiyat axborot xizmati. Qayd etilishicha, tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbidin Burxanov va «O‘zbekgidroenergo» AJ boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov ishtirok etib, “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishonlarini o‘z egalariga tantanali ravishda topshirdi.
Boshqaruv raisi A.Sanginov ta’kidlaganidek, ushbu e’tirof gidroenergetika sohasida amalga oshirilayotgan ulkan ishlar va xodimlarning astoydil mehnati samarasidir.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, “O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan yangi qurish va mavjudlarini modernizatsiya qilish borasida tizimli amaliy ishlar olib borilmoqda. Toshkent viloyati Chirchiq shahrida yangidan qad rostlagan “Kamolot” GES hamda Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida “Zarchob-2” kichik GES ishga tushirilishi mustaqilligimizning 30 yilligi bayramiga munosib tuhfa bo‘ladi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA