English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
E’tiborsizlik noxush holatlarga sabab bo‘ladi
18:13 / 2023-02-20

Iste’molchilarning gaz jihozlaridan oqilona va xavfsiz foydalanishlari baxtsiz hodisalarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki ozgina e’tiborsizlik ham noxush holatlarga sabab bo‘lishi mumkin. Shu bois, “Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filialining servis xizmatini rivojlantirish bo‘limi tomonidan aholi va ulgurji iste’molchilarning gaz jihozlari nazoratdan o‘tkazilib, texnik va profilaktik ko‘riklar asosida foydalanish uchun xavfsizligi ta’minlanmoqda.

Birgina joriy yilning yanvar oyida 16 ming 176 ta aholi va ulgurji iste’molchilarning 31 ming 274 ta gaz jihozlari texnik ko‘rikdan o‘tkazildi.  

– Gaz jihozlarining 12 ming 666 tasida texnik ko‘rik, 3 ming 332 tasida profilaktik ko‘riklar o‘tkazildi, – deydi filial axborot xizmati rahbari Zulfiya Boboyeva. – Shuningdek, gaz ta’minoti korxonasi bilan tegishli tartibda shartnoma tuzgan 178 ta ulgurji ob’ektlardagi foydalanishda bo‘lgan gaz jihozlari ham ko‘rikdan o‘tkazilib, xavfsizligi ta’minlandi.  

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 yanvardagi “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarorida “Tabiiy gazdan foydalanish qoidalari” keltirib o‘tilgan. Unda foydalanish uskunalarini iste’molchilarning yozma yoki elektron buyurtmalari asosida gaz ta’minoti tashkiloti tomonidan tasdiqlangan tariflar bo‘yicha ta’mirlash muddatlari bayon qilingan.  

Jumladan, xizmat ko‘rsatish muddati holatning xavflilik darajasiga qarab belgilanadi. Ya’ni, iste’molchi xonadonida tabiiy gaz sizib chiqish holati kuzatilsa, soha xodimi darhol borib xizmat ko‘rsatishi kerak. Ovqat tayyorlash yoki isitish mavsumida isitish uchun mo‘ljallangan gazdan foydalanish uskunalarining nosozligida esa bir kun davomida xizmat ko‘rsatiladi. Issiq suv va isitish uchun mo‘ljallangan gazdan foydalanish uskunalarining nosozligida (isitish mavsumidan tashqari vaqtda) - ikki kun, gazdan foydalanish uskunalarini almashtirishda esa besh kun davomida xizmat ko‘rsatilishi zarurligi ko‘rsatib o‘tilgan.

– Servis xizmatlarini rivojlantirish bo‘limi shahar, tuman gaz ta’minoti bo‘limlarida ham mavjud, – deydi filial servis xizmatlarini rivojlantirish bo‘limi yetakchi muhandisi Otajon Bebitov. – Texnik va profilaktik ko‘rikda shaffoflikni ta’minlash maqsadida chilangarlarimiz tomonidan ko‘rsatilgan xizmat “HGT Servis” dasturiga kiritiladi. Ushbu dastur gaz jihozlariga ko‘rsatilgan xizmat haqini avtomatik ravishda hisob-kitob qiladi. Bu iste’molchilarga ham manzur kelmoqda.  

Gaz jihozlarini texnik va profilaktik ko‘riklardan to‘liq o‘tkazilishi xavfsizlikni ta’minlashda muhim jihat hisoblanadi. Shunday ekan, bu masalaga har bir iste’molchi mas’uliyat bilan yondashishi lozim.  

A.Bo‘riyev, O‘zA