English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
E’tiboringizni bolalardagi qusur va illatlarga barham berishgagina emas, ularda hayotbaxsh muhabbat uyg‘otishga qarating
16:14 / 2023-11-08

“Wunderkind”— ajoyib bola! Bu kabi “Mo‘’jizaviy bola”lar o‘z tengdoshlariga nisbatan aqliy jihatdan keskin o‘zib ketadi. Ular o‘zlarining noyob qobiliyatini, layoqatini barvaqt namoyon etish xususiyatiga ega bo‘ladi.

Abdulhay Jo‘rayev va Nargiza Jo‘rayevalar  uch nafar farzandning ota-onasi. Oiladagi hamma farzandning ham havas qilgulik natijalari bor.  

– Eng avvalo har bir ota-onaning o‘zi  tarbiyaning o‘ziga xos nazariy hamda amaliy qonun qoidalarini o‘zlashtirishi, unga  amal qilishi lozim deydi Nargiza Jo‘rayeva. – Negaki oilada bola tarbiyasi g‘oyat nozik, murrakkab masala bo‘lib, ota-onadan yetarlicha bilim, katta tarbiyachilik mahoratini talab qiladi.

To‘ng‘ich farzandimiz  Fahrinur 2006 yilda dunyoga kelgan. Biz deyarli shu farzandimiz bilan birga ulg‘aydik. Birinchi farzand, ilk tajriba, xatolar...

Mening hayotdagi katta yutug‘im yonimda meni tushuna oladigan, qo‘llaydigan, hamfikr turmush o‘rtog‘imning borligi bo‘lsa kerak. Yuqorida aytib o‘tganimdek, biz avvalo oilada sog‘lom muhitni yaratishga urindik.  Agar ona otaga bo‘ysunmasa yoki ota kerak paytda onani qo‘llab-quvvatlamasa, u yerda hech qanday tarbiya usuli foyda bermaydi. Muhimi, biz har bir masalada bir-birimizni tushunishga harakat qildik.  

Har bir ota-ona farzandining  kamolini ko‘rishni istaydi. Faqat bu masalaga hammaning yondoshuvi turlicha bo‘ladi. Tarbiyani boshlash uchun farzandimizning ulg‘ayishini kutmaganmiz. Inson dunyoga kelishi bilan uning ehtiyojlari boshlanadi. Ovqatlanish, uxlash, o‘ynash bularning barchasi ehtiyoj. Shuning uchun farzandli bo‘lishimiz bilan biz kun tartibimizni belgilab olardik va shu rejimga qat’iy amal qilar edik.  

Ikkinchi farzandimiz tug‘ilganida katta farzandimizda yo‘l qo‘ygan xatolarni takrorlamaslikka, uchinchimiz dunyoga kelganida yanada kuchliroq ota-ona bo‘lishga harakat qilganmiz. Farzandlarning atrofidagi insonlar hoh uyda bo‘lsin, hoh ko‘chada, xoh maktabda unga namuna vazifasini bajaradi. Ular uchun asosiy “ob’ekt” ularning atrofidagi odamlar. Ular bizga taqlid qilishadi, bizning harakatlarimizni takrorlaydi.

Shuningdek, bolaning onggini o‘stirish uchun albatta birorta o‘yinchoq sotib olish shart emas. Aslida, e’tibor bergan bo‘lsangiz, bola hali ilk yoshlarida o‘yinchoq o‘ynamaydi. Ular uchun ro‘zg‘orning hamma buyumi o‘yinchoq bo‘lib, qiziq tuyulishi mumkin. Bolaga 6-7 oylik davridanoq kitob berish mumkin. Faqat bu yoshda jildi silliq va qalin  bo‘ladigan, suratli kitoblarni berish maqsadga muvofiq. Bir narsani unutmaslik lozim, chaqaloq hali gapirmaydi, so‘zga quloq solmaydi, ammo o‘rgana boshlaydi.

Oilamizda yaxshi an’ana bor. Biz har oylik daromadimizdan kitob xarid qilamiz. Uyimizda boshqa ko‘pchilik xonadonlarda bo‘lgani kabi  kiyim-kechak yoki jimjimador idishlarni taxlab qo‘yadigan chiroyli mebellar yo‘q. Har bir xonada kitob javonlari bor. Hatto u yerdagi barcha kitoblarda  oilamizga tegishli bo‘lgan  muhr bosilgan.  

Ularni kitobga qiziqtirish uchun avvalo biror qiziqarli adabiyotni o‘zim o‘qib chiqaman. Dasturxon atrofiga hamma jam bo‘lganida o‘sha kitob haqida so‘zlay boshlayman. Eng qiziq joyiga kelganida kitob haqida fikrlarimni to‘xtataman va yaxshisi o‘zingiz o‘qib chiqa qoling, ketgan vaqtingizga aslo achinmaysiz deya taklif beraman. Keyin shu kitobni birgalikda muhokama qilamiz.

Meni bir savol qiynaydi:  Deyarli barcha kasbni va hunarni  o‘rganish uchun o‘qish, intilish talab etiladi. Nega ota-onalikni o‘qitadigan  oila institutlari yo‘q? Axir, ota-onalik eng mashaqqatli, eng oliy kasb-ku. Ayniqsa, qiz bola bo‘y yetishi bilan uni turmushga berish payiga tushishadi.  Hatto ba’zi hollarda qiz bola  na biror kasbni, na biror hunarni egallashga ulgarmaydi. Boshqa xonadonga uzatiladi. Ko‘p vaqt o‘tmay u onalik maqomiga ega bo‘ladi. O‘g‘il bolalarda ham xuddi shunday. Endi tasavvur qiling, ular hali ota-ona bo‘lish va  oila qurish  masalasida birorta tasavvurga ega emas. Bu borada mutlaqo tajribasiz. Qaniydi, mayli  ota yo  onalik   kasbini tushunib yetish uchun  alohida institutlar joriy etilmasa ham, ta’lim dargohlarida dars soatlari o‘tilsa. Ular kerakli sinovlardan o‘tib, ota-ona  bo‘lish majburiyatlarini  to‘liq anglay olishsa.

Bir narsaga alohida to‘xtalib o‘tishni lozim topdim. Do‘st-dugonalar, qarindosh-urug‘lar davrasida  meni hayratga soladigan bir holatga doim e’tibor beraman. Ularning ko‘pchiligi farzandining telefonga mukkasidan ketganligini aytib nolishadi. Internet orqali yoshlarga qilinayotgan hujumlardan saqlanish va ehtiyot bo‘lish lozimligini aytib, o‘zlaricha chora izlaydi.  Lekin amalda aksincha. Aksariyati yonigakelib, injiqlik qilgan bolasining  qo‘liga telefon beradi va   mana ushla va meni tinch qo‘y, ol va meni boshqa bezovta qilma  deya tanbeh berib, farzandini o‘zidan nari qilishga harakat qilishadi.

Uchala farzandimiz  ham telefonga mutlaqo qiziqmaydi. Biz bu borada ularga birorta shart qo‘ymaganmiz.  Shunchaki ularda bo‘sh vaqt yo‘q. Ular uchun yonida turgan telefonning hech qanaqa ahamiyati yo‘q.

“Sening qo‘lingdan kelmaydi”, “Tinch qo‘y, bari bir bajara olmaysan”...

Aslida boladagi qobiliyat yo    tabiat tomonidan in’om etilgan yo ota-ona tomonidan “yaratilgan” iste’dod bo‘ladi. Farzandlarimga har-bir so‘zimni ehtiyotkorlik bilan ishlataman.  Ularga deyarli ta’qiq qo‘yilmaydi.  Aksincha, bolada bitta yo‘nalishga qiziqish darhol paydo bo‘lmasligiga amin bo‘lganmiz. Ular o‘zlariga  qiziq tuyulgan yo‘nalishda yangi ko‘nikma olish uchun o‘zini sinab ko‘rgisi keladi. Misol uchun, qizim avvaliga shaxmatga qiziqa boshlagan. Uni shaxmat to‘garagiga berganmiz. Ma’lum muddat o‘tganidan so‘ng,  u shaxmat men uchun emas ekan deya sportning bu turi bilan shug‘ullanishdan  voz kechgan. Biz shunchaki, u o‘zidagi hohishni anglay olishiga yordam berdik. Boshqalar kabi bizda ham muammolar, past-balandliklar bo‘lgan. Bolalar voyaga yetayotgan kezlari chiroyli, oxirgi “moda”dagi liboslarni kiyishga qiziqish, darslariga e’tiborsiz bo‘lish, ayni balog‘at ostonasidagi  o‘zgarishlar... Bu vaqtda ularga yaqin o‘rtoq bo‘lish, sirdosh bo‘lish foyda beradi. Ayniqsa ular voyaga yetgani  sari qizimga men, o‘g‘limga dadasi yaqin bo‘lishga uringanmiz.  

Mendan  ko‘pchilik  farzandlaring o‘qishdan bezib qolishmaydimi deya so‘rashadi. Bolalar tarbiyasiga oid o‘qigan kitoblarimning birida “Bizning  ongimizda o‘qish o‘z irodasiga qarshi bo‘ysundirish ma’nosida tushuniladi. Ammo o‘qish rohat olish bilan eslanishi lozim” degan fikrlar e’tiborimni tortgan.  Bolalarga shuni tushuntirishga harakat qilganmiz.

Qizim Faxrinur  Germaniyada ta’limni olish davom ettirish uchun  topshiriladigan ijodiy imtihonlarning birida  “Ta’lim olish men uchun mehnat emas. Aksincha, o‘qish, izlanish, menga juda katta zavq beradi” deya fikr bildirgan va uning aynan shu qarashlari  yuqori baholangan. Ularni hech qachon hech bir ishga majburlamaganmiz. Birinchi o‘rinda o‘zlarining  hohishlariga quloq tutamiz.  

Qiyin tomoni shundaki, tarbiyaning natijasi uzoq yillar ko‘rinmaydi. Bu  ko‘p vaqt kutiladigan jarayondir. Ammo bugun farzandlarimizning yutuqlarini ko‘rib,  quvonyapmiz, faxrlanyapmiz.

O‘zim ingliz tili o‘qituvchisi bo‘lganligim bois, farzandlarimga bolalikdanoq ingliz tilini mukammal o‘rgatishga harakat qilganman.  Ular ingliz tilida xuddi o‘zlarining ona tilida erkin so‘zlashgandek so‘zlasha oladi. Keyin boshlang‘ich sinfdaligidayoq har biriga qo‘shimcha xorij tilini o‘rganish talabini qo‘yganmiz.  Hozir uchala farzandimiz  ham ingliz, nemis va turk tilini mukammal biladi.  Bu tillarda   bemalol muloqotga kirisha oladi.  

Prezident maktabi tashkil etilgan kezlari  Faxrinur va Abdulloh o‘zlarini sinab ko‘rishga qaror qilishdi. Abdulhay va Nargiza  ularga barcha imkoniyatlarni yaratib berishga harakat qilishdi. Ular  bir yilda mazkur dargohga o‘qishga qabul qilindi. O‘qish davomida    bu  “Wunderkind” bolalar ko‘plab  muvaffaqqiyatlarga erisha boshladi.

Xususan, Faxrinur o‘tgan 2019 yili  Amerika Qo‘shma Shtatlari tomonidan an’anaviy tarzda dunyo bo‘ylab o‘tkaziladigan “Math league” matematika ligasida faxrli o‘ringa munosib deb topildi.  2022 yil  IELTS imtihonidan 8.0 ballik natijani qo‘lga kiritdi. 2022-2023 o‘quv yilida  Gyote-Institutining “Germaniya universitetlariga ko‘prik” (Studienbrücke) ta’lim dasturini muvaffaqiyatli tamomladi. 2023 yil TestDaF (universitetda tahsil olish uchun intellektual jihatdan tayyorgarlik darajasini aniqlab beruvchi standartlashgan imtihon) imtihonini hamda shu yili  TestDaF (nemis tili bo‘yicha xalqaro imtihon) imtihonini muvaffaqiyatli topshirdi.

2023 yil Turkiyaning Gazi universitetiga to‘liq grant asosida qabul qilindi. Shu bilan birga  Ney York Universitetiga $204000 lik grantini yutib oldi hamda  Germaniyaning TUM (Myunhen Texnika universiteti) tibbiyot fakulteti  va  Germaniyaning “Heidelberg” universiteti tibbiyot fakultetiga to‘liq grant asosida o‘qishga qabul qilindi.    

Faxrinur uchun tanlovda imkoniyatlar ko‘p edi. U ota-onasi bilan o‘zaro kelishgan holda boshqa grantlardan voz kechdi  va Germaniyaning “Heidelberg” universitetida ta’lim olish qaror qildi  hamda  ta’lim olishni davom ettirish uchun Germaniyaga jo‘nab ketdi.

Abdulloh  o‘qishdan tashqari sportning shaxmat turi bo‘yicha qo‘shimcha mashg‘ulotlarga qatnay boshladi. U  2018 yilda Toshkent shahrida maktab o‘quvchilari orasida Shaxmat chempionatida 1-o‘rinni egalladi. Bundan tashqari,  shahmat musobaqalari shahar va respublika bosqichlarida muvaffaqiyatli ishtirok etdi.  U ham opasi singari  2022 yil  “MathLeague” xalqaro matematika olimpiadasining respublika bosqichida kumush medal sohibi bo‘ldi. 2023 yil  xalqaro  “STEMCO” olimpiadasida fizika fanidan oltin medalni, matematika va kimyo fanidan kumush medalni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi. 2022 yilda  “Immurse Education”  xalqaro insholar tanlovida grant sohibi bo‘ldi. 2023 yilda   “Climate Science” xalqaro olimpiadasida  yarim final ishtirokchisiga aylandi. U kelgusida shifokor bo‘lishni maqsad qilgan.  

Oilaning kenja farzandi  Anisanur ham bugun o‘z qobiliyatini namoyon etishga ulgurdi. U  joriy yilda  “Al-Beruniy International School” xalqaro maktabiga grant yutib oldi va hozirda 4-sinfda tahsil olmoqda. 2022-2023 yillar  “Khiso” olimpiadalar maktabi tomonidan o‘tkaziladigan olimpiadalarda faxrli o‘rinlarni egallagan, 30 dan ortiq medallarni qo‘lga kiritgan. U ham opasi va akasi kabi  o‘qishni  Prezident maktabida  davom ettirishga ahd qilgan va allaqachon tayyorgarlikni boshlab yuborgan.

Jamiyatning salohiyatli bo‘lishi oilalarning salohiyatli bo‘lishiga bog‘liq. Bu oilaning kelgusidagi rejalari bir talay, orzulari cheksiz.  

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA