Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 1992 yil 14 oktyabrdagi qarori bilan 3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni, deb e’lon qilingan. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad aqlan va jismonan nuqsoni bo‘lgan fuqarolarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, haq-huquqlarini himoya qilish, ularga keng jamoatchilik e’tiborini qaratish ko‘zda tutilgan.
Butun dunyoda keng nishonlanadigan ana shu sana munosabati bilan yurtimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Andijon viloyati tuman va shaharlarida ham madaniy, ma’naviy-ma’rifiy va saxovat tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda.

Andijon shahar hokimligi, Oila va xotin-qizlar bo‘limi tomonidan "Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmaydi” shiori ostida "Ayollar daftari"ga kiritilgan 100 nafar jismoniy imkoniyati cheklangan xotin-qiz ishtirokida o‘tkazilgan madaniy-ma’rifiy kecha ana shunday tadbirlardan biri bo‘ldi.
- Maqsadimiz nogironligi bo‘lgan opa-singillarimizni moddiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, ko‘ngillarini obod qilish, - deydi Andijon shahar hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Nargiza Ulug‘bekova. – Shu bilan birga ularning jamiyatda o‘rni borligini, davlatimiz tomonidan hamisha e’tiborda ekanliklarini his etishlariga ko‘maklashishdan iborat.

San’atkorlar tomonidan namoyish etilgan badiiy dastur ishtirokchilarga quvonch ulashdi. Tadbir so‘ngida nogironligi bor ayollarga sovg‘a-salomlar, nogironlik aravachalari topshirildi.

–E’tibordan ko‘nglim tog‘day ko‘tarildi, – deydi Andijon shahri Sog‘lom avlod mahallasida yashovchi, 1- guruh nogironi Zulxumor Nazarova. – Men kabi ko‘ngli o‘ksik insonlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor, ehtirom uchun Yurtboshimizga, barcha yaxshi insonlarga rahmat
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA