Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 1992 yil 14-oktyabrdagi qaroriga asosan har yili “3 dekabr – Butunjahon nogironlar kuni” sifatida keng nishonlanadi.
Mamlakatimizda aholini ijtimoiy muhofaza qilishni yanada kuchaytirish, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga ehtiyojmand nogironlarga hayotda keng imkoniyat va sharoitlar yaratib berish masalasiga alohida ahamiyat berib kelinadi.
Xususan, Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida ham nogironligi bo‘lgan shaxslarning manfaatlarini himoya qilish, ularni jamiyatimizning to‘laqonli a’zosi ekanliklarini ko‘rsatish maqsadida turli tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Ushbu sana munosabati bilan Chirchiq shahridagi “Navro‘z” to‘yxonasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan shaxslar ishtirokida tadbir o‘tkazildi. Chirchiq shahar hokimligi tomonidan tashkil etilgan tadbirda ishtirok etgan nogironligi bo‘lgan fuqarolarga Chirchiq shahar hokimligi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi Chirchiq shahar bo‘linmasi hamda turli korxona va tashkilotlar tomonidan qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi.
Tadbirning badiiy qismida nogironligi bo‘lgan fuqarolarimiz uchun bayram dasturxoni atrofida konsert dasturi namoyish etildi. Taniqli xonandalar tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar tadbirga o‘zgacha fayz kiritdi.
– Imkoniyati cheklangan, o‘zgalar yordamiga muhtoj nogironligi bo‘lgan shaxslarning holidan xabar olishni nafaqat ushbu kunda, balki dastur-rejamizga muvofiq har doim amalga oshirib kelyapmiz, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi Chirchiq shahar bo‘linmasi boshqaruv raisi O‘tkir Tojiboyev. – Ijtimoiy himoyaga muhtoj va nogironligi bo‘lgan fuqarolarimizni har tomonlama qo‘llab- qo‘vvatlash, ularning turmush tarzi, yashash sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha qator samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, ushbu tadbirni o‘tkazishimizdan maqsad ham nogironligi bo‘lgan fuqarolarimizni o‘zlarini sog‘lom insonlar kabi his etishlari va ozgina bo‘lsada ularning qalblariga quvonch bag‘ishlashdan iborat.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA