Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
E’tibordan boshim ko‘kka yetdi
15:10 / 2023-05-08

bugungi kunda Andijon viloyatida olti nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi el-yurt ardog‘ida hayot kechirmoqda. Ulardan biri Andijon shahrining 1- kichik dahasida yashovchi Aleksandr Vasilevskiydir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 2 maydagi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida” gi farmoniga asosan Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov boshchiligidagi bir guruh viloyat faollari ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Aleksandr Vasilevskiy xonadonida bo‘ldi.  

Aleksandr Vasilevskiy asli Ukrainaning Vinnitsa oblastida tug‘ilib o‘sgan. Fashistlar 1941 yilning avgust oyida u yashayotgan qishloqni bosib olib, qishloq aholisini, hatto, bolalar, ayollar va keksalarni konslagerda saqlagan. Jumladan, Aleksandrning onasi, ikki singlisi va ukasi ham ana shu lagerda saqlangan.  Konslagerdagi qiyinchilik, azob-uqubatlardan u yerda saqlanayotganlarning aksariyati o‘lib ketdi. Urush tugagach, Aleksandr maktabni bitiradi. “Izvestiya” gazetasida Andijonda tibbiyot instituti ochilayotgani haqidagi xabarni o‘qib, tibbiyot institutiga o‘qishga kirish uchun Andijonga keladi.  

Andijon davlat tibbiyot institutining birinchi qaldirg‘ochlari qatorida Aleksandr institutni muvaffaqiyatli tamomlaydi. So‘ng 1- shahar shifoxonasi urologiya bo‘limiga ishga kiradi. Umuman, Aleksandr Vasilevskiyning keyingi hayoti O‘zbekiston, xususan, Andijon bilan chambarchas bog‘lanib ketdi. Andijonda oila qurdi, farzandlar ko‘rdi. Tibbiyot sohasida uzoq yillar samarali mehnat qildi, o‘z sohasining yetuk mutaxassisi sifatida, qolaversa, o‘zining yuksak insoniy fazilatlari bilan el-yurt orasida hurmat-e’tibor topdi.  

– Andijon mening uchun eng qadrdon maskan, O‘zbekiston esa ona Vatanimga aylangan, – deydi Aleksandr Vasilevskiy. – Inson qadri ulug‘lanayotgan, shu yurtda yashayotganligimdan, shu yurt fuqarosi ekanligimdan faxrlanaman. – Ayniqsa, men kabi urush qatnashchilari, faxriylariga Prezidentimizning e’tibori, tabrigidan boshim ko‘kka yetdi.  

[gallery-11773]

Yo‘qlov doirasida viloyat hokimi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Aleksandr Vasilevskiyga Prezidentimizning tabrigi, pul mukofoti va esdalik sovg‘alarini topshirdi.

F. Ubaydullayev,

Z. Umrzoqov (surat), O‘zA