English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“E’tibordan boshim ko‘kka yetdi”
12:02 / 2021-05-06

Sirdaryo viloyati Guliston tumani O‘yuvli qishlog‘ida istiqomat qiluvchi II Jahon urushi faxriysi, 97 yoshli Xolmirza bobo Raimberdiyevga Prezidentimizning 9 may – Xotira va qadrlash kuni hamda fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 76 yilligi munosabati bilan yo‘llagan tabrigi, bir marta topshiriladigan pul mukofoti va sovg‘a-salomlari topshirildi.

...1924 yil Xovos tumani Xo‘jamushkent qishlog‘ida tavallud topgan Xolmirza Raimberdiyevning bolalik, o‘quvchilik, o‘spirinlik yillari Guliston tumani O‘yuvli qishlog‘ida o‘tdi. II Jahon urushi boshlanganidan bir yil o‘tib, 18 yoshga to‘lishiga bir necha oy bo‘lishiga qaramay, 1942 yil 5 nafar sinfdoshiga qo‘shilib yosh Xolmirza ham frontga jo‘natishlarini so‘rab harbiy komissariatga bordi.

– 3 oy Turkmanistonda okop qazish, yerga qapishgan holda sudralib yurish, vintovkadan o‘q otish, granata uloqtirish, parashyutdan sakrash, portlovchi modda tayyorlash kabi tayyorgarlik mashqlarini o‘tadik, – deydi II Jahon urushi ishtirokchisi Xolmirza bobo Raimberdiyev urush yillarini xotirlab. – Mashg‘ulotlar tugagach, hammaga harbiy guvohnoma berilib, frontga kuzatildi. 18 yoshga to‘lishimga 3 oy qolgani sabab, meni frontga jo‘natishmadi. Lekin uyimga ham qaytarishmadi. Yana 3 oy o‘quv markazida komandirlarimning topshiriqlarini bajarib yurdim. Shundan so‘ng, Leningrad yaqiniga jo‘natishdi. U yerda 1-2 kun to‘liq qurollanib, samolyotda uchdik va bizni tongga yaqin parashyutda Leningrad shahrini qamal qilgan bosqinchilarining orqa tomoniga tashlashdi. Yana bir nechta samolyotda qo‘shimcha kuchlar va o‘q-dori bilan bir nechta batalonni qamal ichkarisiga, Leningradga olib ketildi. Tong otmay, soat 4:00 da shahar ichidagi va qo‘shimcha tashlangan kuchlar bilan bir vaqtda, dushmanni avvaldan kelishib olingan bir qanotiga hujumga yopirilib, ikki tomonlama zarba berdik. Dushman kutilmagan zarbadan o‘zidan to‘rt marta kam sonli, o‘n marta pastroq darajada qurollangan qizil armiya qo‘shiniga taslim bo‘ldi.

Leningrad jangidan so‘ng oddiy askar Xolmirza Raimberdiyev Boltiq bo‘yi davlatlari Latviya, Litva, Estoniya va o‘shanda Sharqiy Prusiya markazi hisoblangan Kyongsberg, hozirgi Kaliningrad uchun bo‘lgan janglarda ishtirok etdi.

1944 yilda Kishinyov, Lvov, Magiliy, Vumin, Jitomir va Baronosviy qal’alari uchun jang qilib, Polshani fashistlardan ozod qilishda qatnashdi. Bir necha bor yaralandi.

– Kechagidek yodimda, Kobril shahrida pistirmaga duch kelib qoldik, dushman umuman bosh ko‘targani qo‘ymaydi, qimir etdingmi o‘q yomg‘iri yog‘iladi, – deydi Xolmirza bobo 1944 yildagi janglarni xotirlab. – O‘shanda og‘ir yarador bo‘libman, bir necha kun hushsiz yotganman. Gospitalda davolanib chiqqanimdan keyin yana frontga jo‘natildim. Ammo Berlinda juda qaqshatqich janglar bo‘lgandi. Shu janglarni birida Galle shahrida yana yaralandim. Fashizm ustidan qozonilgan g‘alaba kuni men harbiy gospitalda edim. Hamma “Ura-a, g‘alaba! G‘alaba qozondik, u-u-ura! deya baqirar, kimlardir yig‘lar, kimlardir garmonning musiqasiga hassa tayoqda bo‘lsada raqs tushardi. Mana bugun o‘sha g‘alabaga 76 yil bo‘libdi. Vaqtning o‘tishini qarang. Hukumatimizning g‘amxo‘rligini qarang, har bir urush qatnashchisiga bittadan “personal hamshira” biriktirib, menga o‘xshaganlarga qaragani uchun unga oylik maosh ham to‘layapti. Bunday e’tibor va g‘amxo‘rlikdan boshim ko‘kka yetdi.

A.Qayumov, F.Toshmatov (surat),  O‘zA