Samarqand viloyati Paxtachi tumanida yoshlar markazi binosi ochildi. Unda viloyat hokimi E.Turdimov ishtirok etdi.
– Paxtachi tumani yoshlarining qanday bilim va qobiliyatga egaligini yaxshi bilamiz, – dedi Erkinjon Turdimov. – Sizlar bu borada viloyatimiz yoshlariga ibrat bo‘lib kelyapsiz. Yaqinda 12-umumta’lim maktabining iqtidorli o‘quvchilari buni yana bir bor isbotlab, “Zakovat” intellektual o‘yini respublika bosqichida uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Yangi yoshlar markazi binosi paxtachilik ana shunday yigit-qizlarning iqtidor va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishga yanada keng yo‘l ochishiga ishonamiz.

Viloyat va tuman jamoatchiligi vakillari yoshlar markazida yaratilgan shart-sharoit va imkoniyatlar bilan tanishdi. Shu kuni viloyat hokimi E.Turdimov “Zakovat” intellektual o‘yinining respublika umumta’lim maktablari hamda Prezident ta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasidagi yakuniy bosqichida yuqori natija qayd etgan Nurobod tumanidagi 11-, Paxtachi tumanidagi 12-umumta’lim maktablari va Samarqand shahridagi Prezident maktabi jamoalari a’zolarini tabriklab, ularga esdalik sovg‘alari topshirdi.


– Maktabimizda ko‘p yildan buyon “Zakovat” klubi faoliyat ko‘rsatadi, o‘qituvchilar darsi bo‘lmagan kunlari ham maktabga kelib o‘quvchilar bilan shug‘ullanadi, – deydi Paxtachi tumani 12-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori Azamat Xolmurodov. – Besh tashabbus doirasida ham doimiy ravishda tadbirlar o‘tkazib turamiz. Kutubxonamizda 3300 dan ortiq badiiy kitob bor. Demoqchimanki, o‘qiyman, bilim olaman, degan o‘quvchi uchun barcha sharoit yaratilgan. O‘quvchilarimizning “Zakovat”dagi muvaffaqiyati buning natijasi, deb o‘ylayman. Musobaqada uchinchi o‘rinni olib qaytgan kunimiz tumanimiz hokimi har bir o‘quvchiga mobil telefon va maktabga tashakkurnoma berdi. Bugun viloyat hokimining sovg‘alarini oldik. Rag‘bat muvaffaqiyat omili. Bunday e’tibordan boshimiz ko‘kka yetdi, o‘quvchilarning o‘ziga bo‘lgan ishonchi, o‘qishga bo‘lgan qiziqishi yanada ortdi.
G‘.Hasanov, O‘zA