Mamlakatimiz mustaqilligining o‘ttiz bir yillik bayrami barcha hududlarda yuqori ko‘tarinkilik bilan nishonlandi. “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz!” shiori ostida o‘tkazilgan madaniy-ma’rifiy, xayriya va bayram tadbirlari yurtdoshlarimizga olam olam zavq bag‘ishladi.
Ko‘makka muhtoj insonlarga yordamlashish, ularga saxovat ko‘rsatish xalqimizning azaliy qadriyatlaridan hisoblanadi. Shu ma’noda bayram kunlarida Andijon viloyatidagi mahallalarda hokimliklar, korxona va tashkilotlar, mahalla faollari, tadbirkorlar, deputatlar tomonidan keksalar, nogiron, yakka yolg‘iz yashovchi hamda kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olinib, ularga moddiy yordam ko‘rsatildi.
Jumladan, “Mahalla” xayriya jamoat fondi Andijon viloyati bo‘limi, tuman, shahar bo‘linmalari tomonidan bayram munosabati bilan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi vakillarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qator ishlar olib borildi, ularga moddiy yordamlar ko‘rsatildi.
– Bayram munosabati bilan yuzlab ehtiyojmand fuqarolarga yordam ko‘rsatildi, – deydi fuqarolarga “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi boshqaruvi raisi Baxtiyorjon Tursunov. – Bu yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, mehr-muruvvat, muhtojlarga saxovat ko‘rsatishdek xayrli ishlar bardavomligining namunasidir.
Bayram arafasida Andijon shahar To‘qqizariq mahallasida yashovchi Zarifaxon Dadajonovaga 2 million so‘m, Taxtako‘prik mahallasida yashovchi Faridaxon Rahmatovaga 5 million 400 ming so‘m, Saxovat mahallasida yashovchi Zulfizar Mirzayevaga 9 million so‘m, Baliqchi tumani Guravon mahallasida yashovchi Lutfiyaxon Umrzoqovaga 7 million so‘m, umuman, viloyatning turli hududlarida yashayotgan 15 nafarga yaqin fuqaroga davolanishi, dori-darmon olishi uchun, shuningdek, moddiy yordam sifatida jami 37 million 600 ming so‘m miqdoridan pul berildi.
– Onam yurak serrozi bilan og‘riydi, doimiy ravishda davolanib turadi, – deydi Baliqchi tumani Gurvon mahallasida yashovchi Sarvinoz Badalovaga. – Oilamizning sharoiti og‘irligi uchun onamizni doimiy davolatib turishga ancha qiynalib qoldik. Shu bois, viloyat hokimligiga yordam berilishini so‘rab murojaat qilgan edim. Mingdan ming rahmat, murojaatim e’tiborga olinib, bizga “Mahalla” jamg‘armasi tomonidan 7 million so‘m mablag‘ berildi, yordam ko‘rsatildi. E’tibor va ko‘makdan boshimiz ko‘kka yetdi.
[gallery-8650]
Bundan tashqari, jigar serrozi bilan og‘riyotgan Shahrixon tumani Yangi turmush mahallasida yashovchi Ortiqali Hasanov hamda Suzoq mahallasida yashovchi Ulug‘bek Qodirovga Hindiston davlatiga borib operatsiya qildirishi, davolanishlari uchun 100 million so‘mdan mablag‘ o‘tkazib berildi.
Shuningdek, bayram arafasida Qo‘rg‘ontepa tumanidagi Xo‘jatepa, Dehqonchek mahallalarida yashovchi ikki nafar nogiron ayolga tikuv mashinasi berilgan bo‘lsa, 2 guruh nogironi, xonadonda yakka tartibda o‘qiydigan, Asilbek Jo‘rayevga kompyuter jamlanmasi sovg‘a qilindi.
Jalaquduq tumanidagi Do‘ngqishloq mahallasida kam ta’minlangan oila farzandlariga maktab formalari berildi. Kasallik tufayli uzoq vaqt bir joyda yotgan xasta bolalar xonadonlariga borilib, ularning holidan xabar olindi, 15 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari berildi.
Xo‘jaobod, Buloqboshi, Shahrixon, Oltinko‘l, Asaka tumanlarida o‘tkazilgan turli tadbirlar doirasida ko‘plab ehtiyojmand, kam ta’minlangan oilalar vakillari, farzandlariga sovg‘a-salomlar ulashildi. Mustaqillik bayramiga bag‘ishlab uyushmagan yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan tanlov va sport musobaqalari g‘oliblari, faol ishtirokchilariga ham turli sovg‘a-salomlar topshirildi. Asaka tumanidagi 16-sonli Ko‘zi ojizlar maxsus maktabiga, 14-sonli Imkoniyati cheklangan bolalar internatiga oziq-ovqat mahsulotlari, yotoqxona choyshablari, stol-stullar sovg‘a qilindi.
Bir so‘z bilan aytganda, Andijonda mustaqillik bayrami munosabati bilan aholining ehtiyojmand qatlamlariga ko‘rsatilayotgan yuqoridagi kabi yordamlar, olib borilayotgan xayrli va ezgu ishlar odamlarning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga, hayotidan rozi bo‘lib yashashlariga yordam bermoqda.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA