Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
E’tibor va ishonch uchun minnatdorlik
17:09 / 2025-12-13

Konstitutsiyamizning 33 yilligi munosabati bilan davlatimizda olib borilayotgan insonparvarlik siyosatining amaliy ifodasi sifatida “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmoni imzolangandi. Unga muvofiq, 615 nafar shaxs afv etildi. Ularning orasida 21 nafar buxoroliklar ham bor.

Farmonda belgilangan topshiriqlar ijrosi doirasida, viloyat hokimi Botir Zaripov boshchiligida viloyat prokurorining birinchi o‘rinbosari, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i hamda manfaatdor tashkilotlar mas’ullari afv etilgan fuqarolar bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv davomida har bir fuqaro bilan alohida suhbat o‘tkazildi. Ularning holati, kelgusi rejasi, ijtimoiy hayotga moslashish imkoniyatlari o‘rganildi. 

Rahbarlar tomonidan afv etilgan fuqarolarga bundan buyon xalqimiz va Prezident ishonchini oqlash, jamoat tartib-qoidalariga amal qilish, sog‘lom hayot tarzini yo‘lga qo‘yish hamda jamiyat hayotidagi o‘zgarish va yangilanishlarda faol ishtirok etish zarurligi tushuntirildi.

Jazodan ozod etilganlar qilgan ishlari uchun pushaymon ekanliklarini bildirdi. Ko‘rsatilgan e’tibor va ishonch uchun xalqimiz hamda hukumatimizga minnatdorlik izhor etdi.

Zarif Komilov, O‘zA