3 dekabr – Xalqaro nogironligi bo‘lgan shaxslar kuni munosabati bilan Qashqadaryo viloyatida ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam vakillarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qator tadbirlar o‘tkazildi.
Qarshi shahridagi viloyat musiqali drama teatrida “Yurtimizda har bir inson hamisha mehr va e’tiborda!” shiori ostida xayriya aksiyasi tashkil etildi. Tadbir nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyatdagi faolligini oshirish, ularga mehr-shafqat va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish maqsadida o‘tkazildi.
Tadbir doirasida imkoniyati cheklangan insonlarning qo‘l mehnatidan yaratilgan buyumlari va ijodiy ishlari ko‘rgazma-savdosi namoyish etildi. Viloyat tashkilotlari rahbarlari ishtirokida inklyuziv auksion ham o‘tkazilib, ularning iste’dodi keng jamoatchilikka tanishtirildi, mehnatlariga munosib baho berish va daromad topishiga ko‘maklashish imkoniyati yaratildi. Tadbir ishtirokchilariga esdalik sovg‘alari topshirilib, badiiy chiqishlar va qo‘shiqlar ularga bayramona ruh baxsh etdi.
Shu bilan birga, Qashqadaryo viloyatida yana bir xayrli ish amalga oshirildi. “Mahalla” xayriya jamoat fondining Qashqadaryo viloyat bo‘limi hamda viloyat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazi hamkorligida bayram munosabati bilan tadbir tashkil etildi. Unda qariyalarimizga turli sovg‘alar topshirildi. E’tibor va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lgan keksa otaxon va onaxonlar tadbir tashkilotchilariga minnatdorlik izhor etdi.
[gallery-26555]
Qashqadaryoda o‘tkazilgan mazkur tadbirlar yurtimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlar hamisha e’tibor va qo‘llab-quvvatlash markazida ekanini yana bir bor namoyon etdi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari