Yoshlarga rag‘bat — barqaror milliy taraqqiyot va mamlakat salohiyatining asosiy kafolati.
Mamlakatimizda yosh avlod salohiyatini rag‘batlantirish va bilimli kadrlar tayyorlash davlat siyosatida ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.
Ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ilmga bo‘lgan qiziqishi va salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, qishloq xo‘jaligi va veterinariya sohalarida malakali kadrlar tayyorlash masalasi ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan.
Zamonaviy o‘quv muhiti, ilmiy izlanishlar va amaliy mashg‘ulotlar talabalarning kasbiy o‘sishi va ilmiy salohiyatini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga, ushbu yo‘nalishda ta’lim olayotgan yoshlar ham faoliyati davomida katta yutuqlarga erishib kelmoqdalar. Yaqinda 2025/2026 o‘quv yili uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomdor davlat stipendiyalari g‘oliblari e’lon qilindi.
Respublika miqyosida 101 nafar talaba Prezident davlat stipendiyasi sohibi bo‘ldi. Tanlovda ishtirok etgan, biroq sovrinli o‘rinlarni egallamagan talabalar ham oliy ta’lim muassasalari rahbarligi tomonidan rag‘batlantirildi. Ushbu ro‘yxatda Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali talabalarining nomi borligi qalblarda alohida iftixor uyg‘otadi. Jumladan men, Zooinjeneriya (qorako‘lchilik) ta’lim yo‘nalishining 4-kurs talabasi sifatida, joriy yilda Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyasiga sazovor bo‘ldim. Bu yutug‘im ustozlarimning samarali qo‘llab-quvvatlashi va filialda yaratilgan sharoitlarning samarali natijasidir.
Shuningdek, o‘tgan o‘quv yilida To‘lepbergen Qayipbergenov nomidagi davlat stipendiyasi g‘olibi bo‘lgan edim. Respublika startap tanlovlarida innovatsion loyihalarim bilan g‘olib bo‘lib kelmoqdaman. Ana shunday Respublika miqyosidagi tanlovlardan birida g‘olib bo‘lib, 2025 yil Germaniyada malaka oshirish dasturida jamoamiz bilan birga ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Yaqindagina yil davomidagi faoliyatim e’tirof etilib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Faxriy yorlig‘i bilan ham taqdirlandim.
Shu o‘rinda, filialimizning yana uch nafar iqtidorli talabasi ham nomdor stipendiyalarga sazovor bo‘lganini alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman. Jumladan: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi — buxgalteriya hisobi va audit yo‘nalishi, 4-kurs talabasi S.Muratbayevaga , To‘lepbergen Qayipbergenov nomidagi davlat stipendiyasi — veterinariya diagnostikasi va laboratoriya ishlari yo‘nalishi, 4-kurs talabasi B. Bazarbayevaga, Ibroyim Yusupov nomidagi davlat stipendiyasi — veterinariya sanitariya ekspertizasi yo‘nalishi, 4-kurs talabasi L.Amirovaga nasb qildi.
Bu yutuqlar filialda ta’lim olayotgan yoshlarning bilimga chanqoqligi, maqsad sari intilishi va ustozlar mehnatining yaqqol natijasidir. Shu bilan birga, mamlakatimizda yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar, davlatning ustuvor siyosati, barqaror ravnaq va siësiy rag‘bat yoshlar salohiyatini yanada yuksaltirishda muhim omil ekanligini namoyon etadi.
Ushbu mukofot men uchun nafaqat katta sharaf va mas’uliyat, balki kelgusida ham ilmiy izlanishlarda to‘xtamay harakat qilish, ilmiy va amaliy faoliyat orqali yurtimizning barqaror ravnaqi va qishloq xo‘jaligi hamda veterinariya sohalari rivojiga munosib hissa qo‘shishga undaydi. Men mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan alohida e’tibor va g‘amxo‘rligi uchun davlatimiz rahbariga cheksiz minnatdorchilik bildiraman.
Ulug‘bek Amangeldiyev,
Samarqand davlat veterinariya
meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar
universiteti Nukus filialining 4-kurs talabasi
O‘zA