Mudofaa vazirligi Markaziy apparatida Qurolli Kuchlar tashkil etilganligining 29 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov, vazir o‘rinbosarlari, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zolari, harbiy xizmatchilar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Mudofaa vaziri tizimda olib borilayotgan izchil islohotlarga urg‘u berar ekan, aynan armiya saflarida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarning kasbiy mahorati, tajribasi va fidoyiligi hamda vatanparvarligini alohida e’tirof etib o‘tdi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 29 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Prezidentimiz farmoniga ko‘ra taqdirlangan bir guruh harbiy xizmatchilarga davlatimizning yuksak mukofotlari tantanali ravishda topshirildi. Yana bir guruh harbiy xizmatchilarga navbatdagi harbiy unvonlar, I, II, III darajali “Namunali xizmatlari uchun” va “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar a’lochisi” ko‘krak nishonlari hamda esdalik sovg‘alar berildi.
Tantanali tadbir davomida “Men g‘olib” shiori ostida o‘tkazilgan “Eng ilg‘or kasb ustasi” ko‘rik-tanlovining “Eng ilg‘or harbiy qism komandiri”, “Eng ilg‘or batalon komandiri”, “Eng ilg‘or vzvod komandiri”, “Eng ilg‘or guruh komandiri” va “Eng ilg‘or serjant” nominatsiyasi g‘oliblari e’lon qilindi va munosib taqdirlandi.

– Rag‘bat insonga kuch beradi, – deydi “Mardlik” ordeni sohibi polkovnik Mansurbek Ismoilov. – Bugun ko‘nglimda ana shunday hisni tuydim. Menga bildirilgan bu ishonchini oqlab, Vatan osoyishtaligi yo‘lida sidqidildan xizmat qilaman.
– Men albatta general bo‘laman! – deydi “Eng ilg‘or kasb ustasi” ko‘rik-tanlovining “Eng ilg‘or guruh komandiri” nominatsiyasi g‘olibi katta leytenant Jonibek Ro‘ziyev. – Bugun katta sahnada mudofaa vaziriga va tadbir qatnashchilariga shunday va’da berdim. Gulduros qarsaklar, olqishlardan yanayam ruhlandim.

Ha, agar inson chin dildan istasa, intilsa va yana eng asosiysi, kasbini sevsa oldiga qo‘ygan hamma maqsadiga erishadi. Buni o‘z hayotim misolida ko‘ryapman. To‘g‘ri, oldinda zabt etilishi lozim bo‘lgan qancha dovonlar bor. Lekin men bundan cho‘chiyotganim yo‘q. Chunki qiyinchilik insonni toblaydi va shuning barobarida uni yuksaklikka olib chiqadi. Maqsadim esa faqat ilg‘orlar safida bo‘lishdir.
G. HOJIMURODOVA,
Mudofaa vazirligi Axborot va
ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xodimi.
O‘zA