Sport - jamiyatda sog‘lom muhitni targ‘ib etuvchi, insonni toblovchi, unga sabr-bardosh hamda chidamlilikni o‘rgatuvchi, orzu-maqsadlari sari yetaklovchi muhim vositalardan biri. Mamlakat nufuzini dunyoga tanitib, jahon arenalarida Vatan bayrog‘ini yuksaklarga ko‘tarishdek sharafli onlar ham ayni shu soha vakillari, mahoratli sportchilarimizga nasib etmoqda.
Bugun jismoniy tarbiya ijtimoiy omil sifatida tobora yuqori ahamiyat kasb etayotgani bois, yurtimizda ushbu sohani yanada rivojlantirish davlat ahamiyatiga molik masalalardan biri hisoblanadi. Ta’kidlash joizki, Vatan himoyasida sobit turgan irodali harbiylarimiz ham, jismoniy tayyorgarlik va sportni harbiy xizmat bilan chambarchas, uyg‘un holda olib borayotganlari sababli, har ikki sohada ham salmoqli natijalarga erishmoqdalar.

Ana shunday matonat sohiblari safida Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari harbiylari ham bor. Ularning 2025 yilda erishgan natijalarini sarhisob qilish va yilning eng yaxshi sportchilarini e’tirof etish maqsadida o‘tkazilgan tadbirda Chegara qo‘shinlari rahbariyati, harbiy sportchilar va ularning yaqinlari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Universal jang federatsiyasi mas’ullari ishtirok etdilar.

Videomuloqot shaklida o‘tkazilgan tadbir davomida so‘z olganlar tomonidan, 2021 yilda Chegara qo‘shinlari harbiy sportchilari 3 ta sport turi bo‘yicha xalqaro va respublika musobaqalarida g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilgan bo‘lsa, 2025 yilga kelib bu ko‘rsatkich 10 tani tashkil etayotganini va so‘nggi 5 yil ichida xalqaro hamda respublika musobaqalarida chegarachi-sportchilar egallagan sovrinli o‘rinlar 7 marotaba, oltin medallar soni esa 22 marotaba ortib, xalqaro musobaqalarda 34 ta oltin, 25 ta kumush, 22 ta bronza, respublika musobaqalarida esa 56 ta oltin, 28 ta kumush va 47 ta bronza, jami 212 ta medal qo‘lga kiritilgani faxr bilan ta’kidlandi.
Shuningdek, bugungi kunda 37 nafar harbiy sportchi mamlakat terma jamoalari tarkibiga kiritilgan bo‘lib, universal jang, qo‘l jangi,
karate-do, milliy kurash, sambo, dzyudo, tosh ko‘tarish, armrestling, shaxmat, yengil atletika, voleybol, stol tennisi, o‘q otish sport turlari bo‘yicha musobaqalarni ularsiz tasavvur etib bo‘lmasligi ham aytib o‘tildi.
2025 yilda DXX Chegara qo‘shinlari tarixida ilk marotaba 3 ta sport turi ya’ni universal jang, chavgon va jigitovka bo‘yicha sarhadlarimiz himoyachilaridan tashkil topgan jamoalar mamlakatimizda “Yilning eng yaxshi jamoasi” deya e’tirof etilgani ham yig‘ilganlar tomonidan olqishlarga sazovor bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Universal jang federatsiyasi Prezidenti Yashnarbek Zokirbekovning ushbu sport turi bo‘yicha Chegara qo‘shinlari jamoasiga “Yilning eng yaxshi jamoasi” nominatsiyasi bo‘yicha esdalik kubogini tantanali tarzda topshirishi yuqorida ta’kidlangan fikrlarning isboti bo‘lib, barchaga yuqori kayfiyat ulashdi.

Shundan so‘ng, o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha yuqori natijalarga erishib, eng ilg‘or deb topilgan harbiy sportchilar va ularning ota-onalari
hamda yaqinlari sahnaga taklif etilib, taqdirlash jarayonlari amalga oshirildi.
- Kamtarona mehnatlarim yuqori baholanib, sportning karate-do yo‘nalishi bo‘yicha “Yilning eng yaxshi sportchisi” deya e’tirof etilganimdan juda xursandman. Albatta, bu bizning zimmamizga katta mas’uliyatni ham yuklaydi va kelgusida yanada yuqori natijalarga erishib, Vatanimiz bayrog‘ini yuksaklarga ko‘tarishimizda muhim o‘rin tutadi. Fursatdan foydalanib, biz sportchilarga qaratilayotgan bunday yuksak e’tibor uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti - Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoniga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman, - deydi III darajali serjant Sabohat Xolmatova.
Qo‘l jangi sport turi bo‘yicha mazkur e’tirofga sazovor bo‘lgan kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchi oddiy askar Zohir Boboqulovning ota-onasi ham farzandi erishgan natijadan nihoyatda mamnun bo‘ldilar.
- Zohirjonning buvisi, otasi va akasi bilan birga keldik. Bizni sahnaga chaqirishganida, avvaliga rosa hayajonlandim. Keyin Zohirjonni maqtab sovg‘alar berishdi, bizni ham juda iliq so‘zlar bilan e’tirof etishdi. O‘sha paytda yuragimda o‘zgacha bir quvonch, faxr hissini tuydim. Demak, o‘g‘limizga to‘g‘ri tarbiya bergan ekanmiz, degan xulosaga keldim. Mana, hammani oldida yuzimizni yorug‘ qildi. Bunday kunlarni ko‘rish har bir ota-onaga nasib etsin, - deydi Mamlakat Aminova.
Darhaqiqat, shu kuni “Yilning eng yaxshi sportchisi” deya e’tirof etilgan 20 nafarga yaqin chegarachi-sportchilarning ota-onalari va yaqinlari qalbida ana shunday unutilmas tuyg‘ular kechgani, shubhasiz.
Tadbirning badiiy qismida Chegara qo‘shinlari Ashula va raqs ansambli xonandalari tomonidan namoyish etilgan konsert dasturi ham barchaga birdek manzur bo‘ldi.
Farida Bobojonova,
DXX Chegara qo‘shinlari Майори