Qoraqalpog‘iston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilinganining 34 yilligi munosabati bilan “Bir Vatan, bir el, bir bayroq” g‘oyasi asosida tashkil etilgan “Bayroq estafetasi” o‘tkazildi.
Nukus shahrida o‘tkazilgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni davlatimiz bayrog‘i qabul qilinganligining 34 yillik bayrami munosabati bilan tabrikladi.

Mazkur tadbirda ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilingan kunga bag‘ishlangan tadbirlar har qachongidan ham ko‘tarinki kayfiyatda o‘tmoqda. Chunki mamlakatimiz bayrog‘i qabul qilingan kuni arafasida butun mamlakatimiz bo‘ylab “Bayroq estafetasi” ko‘tarinki ruhda tashkil etilmoqda.
Ayniqsa, Mo‘ynoq tumanidan start olgan estafeta ishtirokchilari Qo‘ng‘irot, Qonliko‘l, Shumanay, Xo‘jayli tumanlarida yuqori darajada kutib olinib, bugun Nukus shahriga yetib kelishdi. Ushbu ezgu tadbirda 3 ming nafardan ziyod aholi vakili, 100 nafardan ortiq sportchi va 50 ga yaqin avtotransport vositasi ishtirok etdi. Shu munosabat bilan avto va moto karvonlari, otlar paradi, piyoda yurish marafoni va konsert dasturi tashkil etildi.

Darhaqiqat, har bir insonni ulug‘vor ishlarga boshlashda va qalblarda milliy g‘urur-iftixor tuyg‘ularini uyg‘otishda davlat ramzlarining tutgan o‘rni juda katta.
Mo‘ynoqdan start olgan “Bayroq estafetasi” Orolbo‘yining tarixiy maskanlarimizdan biri bo‘lgan Chilpiq qo‘rg‘oni yonida yakunlanib, yoshi ulug‘ nuroniylar, yoshlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirokida Xorazm viloyati faollariga topshirildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri