Odatiy sigaretlar o‘rnini salomatlik uchun zararsiz deya targ‘ib etilayotgan elektron sigaretlar (veyplar) egallamoqda. Elektron sigaretlar ko‘p va bir marta ishlatiladigan moslamalar bo‘lib, ular elektr toki (akkumulyator) yordamida nikotinli suyuqliklarni qizdiradi hamda iste’molchi nafas oladigan tutunni hosil qiladi. Bu kabi sigaret turlari ushbu mahsulotni ishlab chiqaruvchilar va’da qilayotganidek xavfsiz emas.
Soha vakillarining so‘zlariga ko‘ra, elektron sigaretdagi xushbo‘ylik undagi moddalarning zararlilik xususiyatini yanada oshiradi.
– Elektron sigaretlar veyp, elektron sigara, elektron chilim deb ham ataladi, – deydi Sog‘liqni saqlash vazirligining tamakiga qarshi kurashish bo‘yicha bosh konsultanti Shuhrat Shukurov. – Ular tarkibida nikotin miqdori 0 mg/ml dan 66 mg/mlgacha va undan yuqori bo‘lishi mumkin. Bu nikotin miqdori odatiy sigaretdan kamida ikki marta ko‘proq degani. Chekuvchining organizmiga salbiy ta’sir qiladigan nikotin miqdori uning konsentratsiyasidan tashqari, bir necha omilga bog‘liq. Moslama ishlab chiqaradigan elektr quvvati, tortish usuli, chekuvchi tomonidan suyuqlikka turli qo‘shimchalarni qo‘shish nikotin miqdorini oshirishi mumkin. Nikotin odamlarda jismoniy va ruhiy qaramlikni chaqiradi. Qolaversa, yurak va markaziy asab tizimiga tez ta’sir qiluvchi zahar hisoblanadi.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, nikotin tamaki tarkibidagi asosiy narkotik modda bo‘lib, zamonaviy sigaretlar tuzilmalarining o‘ziga xos xususiyatlari tufayli qaramlik xavfini orttiradi. Bu giyohvand moddalar keltirib chiqaradigan xavfdan ham yuqori. Elektron sigaretdagi suyuqliklarda nikotin miqdori turlicha bo‘lishidan tashqari, ular tarkibida suv, propilenglikol, glitserin, aromatizatorlar va boshqa birikmalar mavjud. Ushbu moddalar bug‘lanish jarayonida turli birikmalarni hosil qiladi va ularning ba’zilari o‘ta zaharli hisoblanadi. Ayniqsa, aromatizatorlar elektron sigaretlardagi moddalarning zararlilik xususiyatini yanada kuchaytiradi.
Shuningdek, ular nikotinli aerozolning achchiq, yoqimsiz ta’mi va hidini yashiradi. Bu esa atrofdagilarda elektron sigaretlarni sinab ko‘rishga moyillikni oshiradi.
Xavotirlanish uchun esa yetarli asoslar bor. Mutaxassislar tomonidan 2050 yilgacha sayyoramizda chekish tufayli 450 million odam hayotdan ko‘z yumishi mumkinligi prognoz qilingan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, dunyo bo‘yicha 13-15 yoshli bolalar elektron sigaretlardan kattalarga nisbatan ko‘proq foydalanmoqda.
Ekspertlar fikricha, bu illat ko‘lami ortishining sabablaridan biri jozibador reklamalar ko‘payib, qonuniy cheklovlarning tobora susayib borishidadir.
Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar orqali elektron sigaretlarning 16 mingdan ortiq ta’mga ega turi taklif qilinmoqda. Hatto ba’zi ishlab chiqaruvchilar o‘z mahsulotlari xaridorgirligini oshirish uchun mashhur multfilmlar qahramonlaridan foydalangan.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, tarkibida jozibadorlikni oshirishga qaratilgan moddalar (aromatizatorlar, bo‘yoqlar, oziq-ovqat mahsulotlari) bo‘lgan elektron sigaretlar, nikotin va nikotinsiz suyuqliklarni mamlakat hududiga olib kirish va sotish taqiqlanadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA