French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Eskicha uslub va yondashuvlar asosida ishlab, xalq roziligiga erishib bo‘lmaydi
11:01 / 2024-03-04

Munosabat

Mamlakatimizda aholi ko‘ngliga yo‘l topish, ularga qulay shart-sharoit yaratib berish hamda unumli mehnat qilishlarini ta’minlash borasida yangicha yondashuvlarga qo‘l urilmoqda.

Jumladan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning "O‘zbekiston – 2030" strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmonida ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Xususan, har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratish maqsadida prezident va ixtisoslashtirilgan maktablarning bilimlarni baholash tizimini qo‘shimcha 1 000 ta umumiy o‘rta ta’lim muassasasida joriy qilib, fanlardagi amaliy mashg‘ulotlar ulushini 60 foizgacha oshirish, 7,5 ming nafar yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘qitish, xalqaro imtihon tizimlarida chet tillari bo‘yicha yuqori ball olgan 6 ming nafar yoshlarning imtihon xarajatlari qoplab berish nazarda tutilgan.

Shu bilan birga, 6,7 million nafar 40 va undan katta yoshdagi aholi orasida yurak qon-tomir, qandli diabet, o‘pkaning surunkali  kasalliklari xavfini aniqlash bo‘yicha profilaktik ko‘riklarni tashkil etish, 10 million nafar aholini yugurish, futbol, voleybol, stol tennisi, shaxmat, milliy va belbog‘li kurash kabi sport turlari bo‘yicha marafon va musobaqalarni tashkil etish orqali ommaviy sportga jalb qilish belgilandi.

Shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarni zamonaviy protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilish texnik vositalari bilan ta’minlashning yangi tizimi joriy qilinadi. Kelgusi yildan 40 ta tumanda reabilitatsiya, sog‘lomlashtirish va nogironligi bor shaxslarga qaraydiganlarni o‘qitish bo‘yicha ko‘p tarmoqli ijtimoiy xizmatlar markazlari ishga tushiriladi. Bu orqali, yana 60 ming ehtiyojmand aholi ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olinadi, ularga qarayotgan 3 ming kishi o‘qitiladi.

2024-yil 1-sentyabrdan boshlab esa pensiya tayinlashda bir vaqtning o‘zida shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘idagi pulni olish bilan bog‘liq harakatlarni proaktiv tarzda amalga oshirish, nogironlikni belgilashda nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan imtiyozlar to‘g‘risida xabardor qilish tartibi joriy etiladi.

Tahlillarga ko‘ra, hozirda ijtimoiy himoya tizimi bilan 250 ta xizmat qamrab olingan bo‘lsada, mahallalardagi aholi ularning katta qismidan bexabarligicha qolmoqda. Misol uchun ayni kunda nogironligi bor farzandini parvarishlash nafaqasini olishi mumkin bo‘lgan 33 ming ota-ona ushbu imtiyozdan foydalanmasdan kelmoqda. Endilikda, nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan imtiyozlar to‘g‘risida xabardor qilish tizimining yo‘lga qo‘yilishi aholida ushbu yo‘nalishdagi barcha xizmatlardan o‘z vaqtida foydalanish imkonini beradi.

Quvonarlisi, 1-oktyabrdan aholiga ko‘rsatiladigan barcha ijtimoiy yordamlarni “ijtimoiy karta” orqali moliyalashtirish tizimi joriy etiladi. Bunda eng avvalo, “Saxovat va ko‘mak”, “Ayollar”, “Yoshlar” daftarlari jamg‘armalari, keyinchalik bosqichma-bosqich 74 turdagi ijtimoiy nafaqa va yordamlar “ijtimoiy karta” tizimiga o‘tkaziladi. Ushbu karta orqali transport va kommunal sohalardagi imtiyozlardan ham foydalanish mumkin bo‘ladi.

Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, O‘zbekiston “Adolat” SDP saylovoldi dasturida ham “Ijtimoiy tenglik – teng huquq va teng mas’uliyat demakdir” degan ezgu tamoyilga tayangan holda jamiyatda ijtimoiy tenglikni ta’minlaydigan, har bir fuqaroning qobiliyati hamda malakasidan kelib chiqqan holda mehnat qilishi kafolatlanadigan, o‘z mehnatining miqdori va sifatiga yarasha munosib ish haqi va hayot darajasiga erishishi uchun keng imkoniyatlarni yaratish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan.

Davlat dasturida ham ushbu yo‘nalishdagi vazifalarning belgilanishi, joriy yilda partiya dasturidagi chora-tadbirlarni to‘laqonli hayotga tatbiq etish imkonini beradi. Natijada, avvalo fuqarolarimizning bugun mamlakatda “inson qadri uchun” degan tamoyil asosida olib borilayotgan islohotlardan roziligini oshirish bilan bir qatorda, partiyamizning o‘z elektorati va saylovchilar oldida obro‘si ortishiga ham munosib hissa qo‘shadi.

Shu bilan birga, davlat dasturi va partiya saylovoldi dasturidagi vazifalar ijrosi biz, partiya faollari hamda deputatlik guruhlaridan alohida mas’uliyatni talab qiladi. Boisi, endilikda eskicha uslub va yondashuvlar asosida ishlab, fuqarolarimiz roziligiga erishib bo‘lmaydi. Umumiy yondashuvlardan qochgan holda har bir oila va inson taqdiriga alohida professional yondashish zarur. 

Muharram DADAXO‘JAEVA,

O‘zbekiston “Adolat” SDP 

Toshkent shahar kengashi raisi.

O‘zA