Keyingi yillarda aholisi mutassil o‘sib borayotgan Namangan shahrida “Bir millionlik shahar” maqomi yo‘lida odamlarga qulay va xavfsiz yashash sharoitini yaratish, shaharsozlik normalari va zamonaviy arxitektura talablariga javob beradigan turarjoylar qurishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Hududni rivojlantirish borasidagi navbatdagi amaliy sa’y-harakatlardan biri – viloyat markazining Zarkent mahallasi Andijon ko‘chasida “Qurama sof invest” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan zamonaviy ko‘p qavatli turar joy majmuasi barpo etilmoqda.

Ikki bosqichdan iborat ushbu loyihaning dastlabkisi yakunlangach, 12 qavatli turar joy binosidagi 60 ta xonadon foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Mazkur loyiha shahar aholisi uchun qulay va zamonaviy yashash sharoitlarini yuzaga keltiradi.
Yangi uy maskaniga tamal toshi qo‘yish marosimida qatnashgan Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov shu hududda o‘tgan asr o‘rtalarida qurilgan va bugun ma’nan eskirib, infratuzilma muammolarini keltirib chiqarayotgan uylarda yashovchi aholi vakillari bilan muloqotga kirishib, ularning fikr-mulohazalarini tingladi.

Suhbat davomida zamonaviy qurilish me’yorlari va talablariga qat’iy amal qilish, belgilangan muddatlar bilan bir qatorda sifat masalasiga ham alohida e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi. Tegishli mas’ullarga loyiha doirasidagi barcha ishlarni doimiy nazorat qilib borish, xavfsizlik va sifat talablarini to‘liq ta’minlash yuzasidan topshiriqlar berildi.
Darhaqiqat, viloyat markazida barpo etilayotgan ushbu uy-joy majmuasi nafaqat Namanganning me’moriy qiyofasiga chiroy bag‘ishlaydi, qolaversa, odamlarning Yangi O‘zbekistonga munosib hayot kechirishiga mustahkam zamin bo‘ladi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA