Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Eski uylar o‘rnida yangi ko‘p qavatli binolar (+video)
16:51 / 2025-08-29

Marg‘ilonning eng og‘riqli muammolaridan biri aholisining zichligi,uy-joy qurish uchun bo‘sh maydonlar tanqisligi edi. Shunda Prezident tashabbusi bilan joriy etilgan eski uy-joylar o‘rnida ko‘p qavatli binolar qurish dasturi qo‘llandi.

Shaharning ilon izi ko‘chalaridagi eski, pastqam, nuragan, asosan tuproqdan qurilgan torgina uylarda hatto ikki-uch avlod yashab kelgan. Ularda sanitariya holati ham muammo edi. Chunki, asosan 2-4 sotix uylarda kamida 2-3 ta, ba’zilarida esa 4 ta oila bo‘lgan.

Nihoyat, qat’iy iroda ko‘rsatib, aholi bilan kelishgan holda bu uylar buzila boshlandi. O‘rniga ko‘rkam, barcha qulayliklarga ega ko‘p qavatli uylar qurila boshlandi. Ishlar kecha-kunduz olib borildi. Nihoyat bir yil o‘tar-o‘tmas shahardagi Ipakchi mahallasida biri-biridan go‘zal va ko‘rkam binolar qad rostladi. Bugungi kun mahalla ahli uchun hayotlaridagi yangi, unutilmas sahifa bo‘lib qoldi. 68 ta eski uy o‘rnida 244 ta oila uchun yangi xonadonlar kaliti tantanali suratda topshirildi. Ular orasida to‘rt sotixli eskirgan uylarda to‘rtta oila bo‘lib yashayotgan Rahmatillo Eminjonov ham bor edi.

– Yuz yil avval qurilgan uyda 16 nafar oila a’zolarimiz yashab keldi, – deydi Rahmatillo ota. – Prezidentimiz qaroriga asosan buzilgan uyimiz o‘rniga oltita xonadon berildi. Endi chol-kampirlar alohida uyda yashaymiz. Sharoit juda yaxshi. Issiq suv bor. Bolalar o‘yingohlarini aytmaysizmi. Prezidentimizga minnatdorchilik bildiramiz.

Bugun ¬¬¬Rahmatillo ota kabi o‘nlab oilalarga buzilgan uylari o‘rniga ikki, uch, hatto to‘rttadan yangi xonadon kalitlari topshirildi.

Yangi xonadonlar esa barcha qulayliklarga ega, shinam, yorug‘, bahavo.

– Yangi uyga ko‘chib chiqdik, – deydi Hanifaxon Jalilova. – 3 ta ikki xonali uy berildi.  

Marg‘ilon O‘zbekiston Prezidentining 2024 yildagi tashrifidan keyin mutlaqo yangicha qiyofaga kirmoqda. Bir yilda 120 gektar maydondagi “Yangi O‘zbekiston” hududida 46 ta ko‘p qavatli uylar qurilyapti. Ba’zilari foydalanishga topshirilish arafasida. Shu yerda maktab, maktabgacha ta’lim muassasalari, teatr, muzey, Burxoniddin Marg‘inoniy ilmiy markazi, saylgoh xiyobonlar qad rostlayapti.

Tantanada viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Marg‘ilon shahrini kengaytirish, yana bir necha ming xonadonga ega ko‘p qavatli uylar qurilishi va renovatsiya dasturi davom ettirilishini bildirdi.

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/l8K-xBo38_k" title="Eski uylar o‘rnida yangi ko‘p qavvatli binolar" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (surat, video),O‘zA