Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Eski qo‘lyozmalarda hozirgidek tinish belgilari ishlatilmagan
17:50 / 2020-02-05

Navoiy asarlarini nashrga tayyorlashda asar tili, unda qo‘llangan so‘z va qo‘shimchalarning qanday talaffuz etilganini to‘g‘ri bera olish ham muhim.


9 fevral – Alisher Navoiy tavallud topgan kun

Navoiy asarlarini nashrga tayyorlashda asar tili, unda qo‘llangan so‘z va qo‘shimchalarning qanday talaffuz etilganini to‘g‘ri bera olish ham muhim. Tinish belgilari xato qo‘yilgan, so‘zlari noto‘g‘ri berilgan matn o‘quvchini chalg‘itadi, mazmunni anglashga qiynaladi. Jumladan, eski qo‘lyozmalarda hozirgidek tinish belgilari ishlatilmagan. Matn she’riy bo‘ladimi, nasriymi, butun vazifa o‘quvchining bilimu zakovatiga yuklangan. O‘quvchi mutolaa chog‘ida matn mazmuni, fikr tugalligiga tayanib, jumlalar chegarasini ham ajrata borgan.

Klassik matnlarni o‘qishda punktuatsion xato ko‘pincha -ki ergashtiruvchi bog‘lovchisi bilan bog‘liq holda yuz beradi. Shu o‘rinda “Farhod va Shirin” masnaviysidan olingan ergash gapli qo‘shma gap shaklidagi baytning berilishiga ko‘z yugurting-a:

Bir-ikki yil inoyat aylasa shoh,
Ki xizmatdin o‘zumni qilsam ogoh.

Nashrda birinchi misraning oxiriga vergul qo‘yilgan, keyingi gap esa -ki bog‘lovchisi bilan boshlanayotgandek tasavvur uyg‘otadi kishida. Aslida -ki birinchi satrdagi aylasa so‘ziga tegishli bo‘lib, qo‘shma gap “Shoh bir-ikki yil (shunday) inoyat aylasaki, (men) o‘zimni (uning) xizmatidan ogoh qilsam” degan ma’noni anglatadi. Bu jumla Farhodning otasi xoqonga qarata aytib turgan so‘zidir. Matndagi -ki satr boshida kelgani bilan, uni alohida so‘z deya qaramaslik kerak: u inversiya holatiga ko‘ra shu yerda turibdi; u ergash gapni bosh gapga bog‘lash uchun xizmat qiladi. Shuning uchun vergul birinchi satrning oxiriga emas, -ki dan keyin qo‘yilishi kerak.

Yoki boshqa bir misol:

Oningdek chekti ohi otasholud,
Ki yetti ohidin ko‘k saqfig‘a duz.

Bu baytda ham keyingi gap ki- bilan boshlanayotgani yo‘q. U chekti so‘ziga tegishli bo‘lib, vergul ikkinchi satrdagi -ki dan so‘ng qo‘yiladi (bu gapning qurilishi shunday: Aningdeg oh-i otasholud [ya’ni, yolqinli oh] chekti-ki, ohidan ko‘k saqfig‘a duz yetti).

Endi arabcha harflarning o‘qilishi bilan bog‘liq masala. Qo‘lyozmada “alif” bilan kelgan so‘zlarni [o] deb olishga odatlanilgan. Aslida “alif” harfi har qachon ham [o] deb o‘qilavermaydi. Bunga bir misol:

Uluvi dargahi gardun misoli,
Qayu gardunki, andin dog‘i oliy.

Ushbu baytning ikkinchi satridagi dog‘i so‘zi yuklama bo‘lib, uni dag‘i deb olingani ma’qul; hozirgi o‘zbek tilida tag‘in shaklida ishlatiladi. Shundan bilsa bo‘ladiki, o‘tmishda ham u [a] bilan talaffuz qilingan ekan.

Dag‘i so‘zi bilan bog‘liq yana bir misol:

Hunar kilki bila aylab hunarkor,
Ichin zarkoru toshin dog‘i zarkor.

Ushbu baytda kechgan toshin so‘zini tashin deb berilgani ma’qul, u Navoiy tili uchun arxaik sanalgan vosita kelishigidagi ichin,ya’ni “ichi bilan” so‘zining ziddi bo‘lib, “tashi bilan” degan ma’noda ishlatilgan. Tabiiyki, dog‘i so‘zi ham dag‘i deb olinadi. Ana shunda matnni to‘g‘ri o‘qigan bo‘lamiz.

Yana:

Anga taklif qilsoq mehmonliq,
Ikimiz zohir etsak mezbonliq.

Ani istarg‘a el qilsoq ravona,
Tuzatsak bazmgohi xisravona.

Yasosoq sandal uzra maqomin,
Qilib diljo‘luq etsak ehtiromin.

Ushbu she’riy uzindining birinchi va ikkinchi baytlaridagi qilsoq so‘zi qilsaq deb olingani ma’qul. Chunki qil- fe’liga qo‘shilayotgan shart-istak shakli -soq emas, -saq bo‘ladi; uning ingichki varianti -sak bo‘lib, u keyingi satrlardagi ingichka o‘zakli etsak, tuzatsak so‘zlarida ham kelgan. Shunga ko‘ra, uchinchi baytdagi yasosoq so‘zini yasasaq deb olish kerak. O‘zbek tilida yaso- degan fe’l yo‘q, matnda “alif” harfi bilan yozilgani uchun [o] deb o‘qimaslik kerak, u yasa- deb o‘qiladi. Bu so‘z yo‘g‘on o‘zakli bo‘lgani uchun unga shart-istak shaklining -saq varianti qo‘shilmoqda. Shunda jumla “sandal uzra maqomini yasasak” degan ma’noni beradi.

Nashrlarda ko‘pincha sifatdosh qo‘shimchasini olgan turkiy so‘zlarning talaffuzi ham buzib yuborilmoqda. Masalan, bo‘lg‘on, olg‘on, qolg‘on, urg‘on deb o‘qiydilar: o‘zbek bunday demagan. Aslida esa ularni bo‘lg‘an, olg‘an, qolg‘an, urg‘an deb berilsa, to‘g‘ri bo‘ladi. O‘zbek tili tarixida sifatdoshning -g‘on qo‘shimchasi yo‘q. U -g‘an, -qan, -kan, -gan shakllarida bo‘lib, so‘zning fonetik xususiyatiga qarab turli variantlari qo‘shilgan.

Shu o‘rinda Navoiy asarlarini hozirgi yozuvga o‘girishda teng bog‘lovchilar bilan bog‘liq kelib chiqayotgan kamchilik xususida. Ma’lumki, XI yuzyillikdan boshlab turkiy tilga -u hamda va bog‘lovchilari o‘zlasha boshladi. -u – forscha, va esa arab tilidan o‘zlashgan.

Arab yozuvli matnlarda -u hamda va bog‘lovchilari yozuvda farqlanmaydi, ikkovi ham “vāv” harfi bilan yoziladi. Hozirgi nashrlarda esa bularni farqlamay, har ikkovi va bog‘lovchisi sifatida berilmoqda. Tabiiyki, bu holat matnning o‘qilishi, hatto mazmunga ham ta’sir etgan joylari bor. Modomiki, Navoiy asarlari tilida ushbu qo‘shimchalar ishlatilgan ekan, ilmiy nashrlarda ham ularni farqlamoq kerak.

Muhimi shundaki, -u hamda va bog‘lovchilarining qo‘llanilishida qat’iy qoida bor. Matnda -u bog‘lovchisi juft so‘zlarni, uyushiq bo‘laklarni bir-biriga bog‘laydi, kishi yo narsa otlari sanalganda ishlatiladi. va bog‘lovchisi esa gap tugagandan so‘ng, ikkinchi gap boshlanganda ishlatiladi, qo‘shma gap tarkibidagi sodda gaplarni o‘zaro bog‘laydi, -u bog‘lovchisi qo‘llangan juft so‘zlarni hamda sinonim so‘zlarning bir guruhini ikkinchisiga bog‘lash uchun ishlatiladi.

– u bog‘lovchisi undosh bilan tugagan so‘zlarga -u, unli bilan tugagan so‘zlarga esa – vu shaklida qo‘shiladi. Hozirgi o‘zbek adabiyotshunosligida Navoiy asarlarini “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun” deb ataymiz. Aslida esa ularni “Farhod-u Shirin”, “Layli-vu Majnun” shaklida aytganimiz to‘g‘ri bo‘ladi.

Shuningdek, matnda ta’kid yuklamasi – uni ham farqlay olish kerak. Chunki arab yozuvli matnlarda u ham “vāv” bilan yoziladi. Undosh bilan tugagan so‘zlarga -u, unli bilan tugagan so‘zlarga esa – yu shaklida qo‘shiladi.

Buni Alisher Navoiyning “Nasoyimu-l-muhabbat min shamoyimi-l-futuvvat”da Adib Ahmad haqida yozgan quyidagi satrlarida yaqqol kuzatsa bo‘ladi:

“… Derlar-ki, ko‘zlari butav ermish-u aslo zohir ermas ermish. Basir bo‘lup o‘zga basirlar-deg andaq emas ermish-ki, ko‘z bo‘lg‘ay-u, ko‘rmas bo‘lg‘ay, ammo bag‘oyat ziyrak-u zakiy va zohid-u muttaqiy kishi ermish. Haq subhonahu va ta’olo agarchi zohir ko‘zin yapuq yaratqandur, ammo ko‘ngli ko‘zin bag‘oyat yaruq qilg‘andur. … aning tili turk alfozi bila mavo’iz-u nasoyihqa go‘yo ermish, balki aksar turk ulusida hikmat-u nuktalari shoye’dur va nazm tariyqi bila aytur ermish …”.

Ushbu matnda ko‘z bo‘lg‘ay-u, ko‘rmas bo‘lg‘ay jumlasidagi -u bog‘lovchi emas, yuklamadir. Qolganlari bog‘lovchi bo‘lib kelgan.

Nashrlarda ravishdosh qo‘shimchasini olgan so‘zlarni, qo‘lyozmalardagi harfiy ifodasi hamda hozirgi o‘zbek adabiy imlosida yozilishiga tayangan holda, kelib, bitib, berib, bo‘lub deb beriladi. Ta’kidlash o‘rinliki, o‘zbek tili tarixida ravishdosh qo‘shimchalarining ishlatilishida, hozirgi adabiy-orfografik emas, talaffuzimizda bo‘lgani singari, jarangsizlashish kuchli edi. Vaholanki, Navoiy asarlari qo‘lyozmalarida “ba” harfi [b] ni ham, jarangsiz [p] ni ham anglatib keladi, kamdan-kam o‘rinda [p] ni ifodalash uchun harf ostiga uch nuqta qo‘yilgan. Shularni ko‘zda tutgan holda, yuqoridagi so‘zlarni kelip, bitip, berip, bo‘lup shaklida berilgani ma’qul.

Shuning singari hol “kāf” harfining o‘qilishida ham ko‘zga tashlanadi. Chunki bu harf [k] ni ham, [g] ni ham anglatib keladi; ayrim o‘rinlardagina jarangli [g] ni ifodalash uchun harf ustiga uch nuqta qo‘yib ketilgan. Yana bir belgisi, ko‘k turk bitiglarida [k] va [g] uchun alohida harflar bor. Ko‘hna bitiglarni, Navoiy asarlarining fonetik xususiyatlarini inobatga olgan holda beg, bitig singari so‘zlar [k] bilan emas, [g] bilan talaffuz etilganini aniqlash mumkin bo‘ladi. Hozirgi -dek qo‘shimchasi til tarixida -deg deb talaffuz qilingan, chunki u tarixan teg- fe’lidan urchigan. Fikrimiz to‘g‘riligini ko‘k turk bitiglari ham dalillaydi.

Qosimjon SODIQOV,
filologiya fanlari doktori, professor.