Yurtimiz qadimiy arxeologik manzillari, asrlar osha saqlanib kelinayotgan tarixiy-madaniy yodgorliklari bilan sayyohlar va ilm-fan ahlini o‘ziga rom etib keladi. Ularni asrab-avaylash va kelgusi avlodlarga bus-butun holicha yetkazish har bir davr kishilarining vazifasi va burchidir.
Bugungi kunda mamlakatimizning umummilliy boyligi bo‘lmish moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish sohasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Ammo shu bilan birga, hali e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan obyektlar, qarovsiz, xarob holda qolib ketayotgan maskanlar ham mavjudki, ularni o‘z vaqtida restavratsiya qilish va saqlab qolish zarur. Vobkentdagi “Eski hammom” yodgorligi ham ana shunday madaniy meros obyektlaridandir.
— O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktyabrdagi «Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori bilan «Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxati» tasdiqlangan bo‘lib, ushbu ro‘yxatga asosan hozirda respublika bo‘yicha jami 8 ming 210 ta moddiy madaniy meros obyekti davlat muhofazasiga olingan, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Qodir Jo‘rayev. — Milliy ro‘yxatga kiritilgan mazkur obyektlardan biri Buxoro viloyati Vobkent shahrida joylashgan “Eski hammom” yodgorligidir. XVII–XVIII asrlarda Ashtarxoniylar davrida qurilgan mazkur yodgorlik to 1990-yilga qadar hammom sifatida foydalanib kelinganligi ma’lum. Biroq, bugungi kunda mazkur yodgorlik juda xarob ahvolda. Devor va tom qismlarining jismoniy yemirilishi va fundamentining fatorot bo‘lishi holatlari yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Mutaxassislarning fikricha, agar ushbu salbiy tendensiya kelgusida ham davom etadigan bo‘lsa, yodgorlik butunlay buzilib ketishi mumkin. Shu nuqtayi nazardan, Madaniy meros agentligi direktori nomiga “Eski hammom” yodgorligining texnik holatini chuqur o‘rganish asosida uni restavratsiya va konservatsiya qilishning istiqbolli rejasini ishlab chiqish yuzasidan deputatlik so‘rovi yubordik, — deydi xalq vakili.
Darhaqiqat, suratlardan ham ko‘rish, anglash mumkinki, “Eski hammom” yodgorligi xaroba holga kelib qolgan. Milliy ro‘yxatdagi ushbu madaniy meros obyektini saqlab qolish, kelgusi avlodlarga yetkazish borasida zarur choralarni ko‘rish lozim. Bunda Madaniy meros agentligi tashabbuskorlik ko‘rsatishidan umidvormiz.
Muhtarama Komilova,
O‘zA