Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
ESKATO rahbari SHHTning Samarqand sammitida ishtirok etadi
18:04 / 2022-08-10

O‘zA avval xabar berganidek, O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov bugun Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi o‘rinbosari, BMTning Osiyo va Tinch okeani bo‘yicha iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi ijrochi kotibi Armida Alisjabana bilan videokonferensiya orqali muloqot o‘tkazdi.

Vazirlik mas’ul vakili Yusup Kabuljanov ma’lum qilishicha, muzokara davomida ikki tomonlama hamkorlikning qator muhim jihatlari ko‘rib chiqilgan. 

Uchrashuvdan so‘ng Tashqi ishlar vazirligi Iqtisodiy diplomatiya departamentining Investitsiyalarni jalb qilish boshqarmasi boshlig‘i Sanjar Mahmudov ommaviy axborot vositalari vakillariga anjumanda ko‘tarilgan eng muhim masalalar xususida qisqacha axborot berdi:

- bugungi muloqot davomida O‘zbekiston bilan BMTning Osiyo va Tinch okeani bo‘yicha iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi - ESKATO o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalasi muhokama qilindi. Asosiy kelishuvlardan biri sifatida ESKATO vakillari, xususan, ijrochi kotib Armida Alisjabananing Samarqandda bo‘lib o‘tadigan SHHT sammitidagi ishtiroki yana bir bor tasdiqlanganini keltirish mumkin.

Onlayn-suhbat chog‘ida o‘zaro hamkorlikning yangi yo‘nalishlari belgilanib, jumladan, shu asosda memorandum imzolashga kelishildi.

ESKATO ijrochi kotibi tomonidan O‘zbekiston tashabbusi – davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan Afg‘oniston hududi orqali transport-logistika tizimini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish masalasi qo‘llab-quvvatlanishi ma’qullandi.

Shuningdek, Armida xonim yurtimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni e’tirof etgan holda, bu jarayonda faol ishtirok etishga qiziqish bildirdi.

Ta’kidlash joiz, O‘zbekistonning ESKATO bilan sherikligi so‘nggi yillar mamlakatimizda ilgari surilayotgan faol iqtisodiy diplomatiyaning yangi bir yo‘nalishi sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Uchrashuvda O‘zbekiston Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarini bog‘lovchi muhim bo‘g‘in ekani qayd etildi. Ayni yo‘nalishda BMT shafeligida munosabatlarni yanada kengaytirishga xizmat qiluvchi transport-kommunikatsiya mintaqaviy markazi tashkil qilish masalasi qo‘llab-quvvatlandi.

Muloqot yakunida ESKATO bilan aloqalarni yanada chuqurlashtirish va yuqori bosqichga olib chiqishga xizmat qiluvchi yangi yo‘nalishlarni qamrab oladigan, bu boradagi eng muhim vazifalarni belgilab beruvchi yangilangan yo‘l xaritasini ishlab chiqish hamda tasdiqlashga kelishib olindi.

G‘ayrat Xonnazarov yozib oldi.

O‘zA