Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Eshqobil Shukur tavalludining 60 yilligi Surxon vohasida keng nishonlanmoqda
17:01 / 2022-08-04

«Yurakni o‘rganish», «Sochlari sumbul-sumbul», «Tungi gullar», «Yashil qushlar», «Hamal ayvoni», «Ko‘hna bog‘ rivoyatlari», «Ko‘z yumib ko‘rganlarim», «Boboso‘z izidan», «Asr afsonalari» singari kitoblari bilan o‘zbek kitobxonlari orasida ma’lum va mashhur shoir va nosir, katta muharrir, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Eshqobil Shukur tavalludining 60 yilligi Surxondaryo viloyatida keng miqyosda do‘stlari, ijodkorlar, voha ziyolilari davrasida nishonlanayotir.

Termiz shahridagi muhtasham San’at saroyida Eshqobil Shukur bilan tashkil etilgan adabiy kecha yig‘ilganlarning uzoq kutilgan uchrashuvi, dillashuvi bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmas. 

E.Shukurning ijodiga xalq dostonlari, ertak, afsonalari, qadim rivoyatlarining ruhi singib ketgan. Shoir xalq og‘zaki ijodidagi timsollarni o‘z she’riyatida o‘ziga xos talqin qiladi. 

–Mana, bir necha yilki ustoz Eshqobil Shukur ijodiga oid ilmiy ish olib boraman, - deydi yosh tadqiqotchi Sadoqat Ergasheva. – Nafaqat adabiyotshunos, balki ijodkor sifatida aytishim mumkinki, shoirning ijodi takrorlanmas, ohanglari ohorli, bir she’ri boshqa she’ridan, bir mavzusi boshqasidan tubdan farq qiladi. Eshqobil Shukurning ijodi bir emas, bir necha ilmiy ishlar uchun asos bo‘la oladi.

Tadbirda so‘z olganlar Eshqobil Shukur ijodi, uning shaxsiyatiga alohida to‘xtalish barobarida, shoirning millat ma’naviyati rivojida o‘ziga xos o‘rni borligini ta’kidladi. 

–Eshqobil Shukur ijodining ilk davridayoq nazarga tushib, 1992 yilda Usmon Nosir nomidagi mukofotga sazovor bo‘ldi, – deydi viloyat ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Nargiza Rahmatullayeva. – Shuningdek, 2008 yilda Mahmud Qoshg‘ariyning 1000 yilligi munosabati bilan Turkiyada «Turkiy dunyo turkiy tillar sharafi» mukofoti bilan taqdirlangan. 2012 yilda O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi unvoniga sazovor bo‘lgan.  

Uning ijodiy, ma’rifiy-ma’naviy faoliyati «Oltin qalam» xalqaro mukofotiga ham loyiq topilgan. Shoir joriy 2022 yilda Istanbulda bo‘lib o‘tgan Turkiy xalqlar she’riyati xalqaro festivalida Bosh mukofotni qo‘lga kiritdi.

Surxondaryolik ijodkorning qutlug‘ yubileyi voha bo‘ylab keng nishonlanadi, adabiy uchrashuvlar, mushoiralar tashkil etiladi. Zero, Eshqobil Shukur she’rlari bilan xalq qalbiga xalqona ohanglar sizib kirgan, deyish mumkin.

Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat),O‘zA