O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida yangi kitob
Iste’doli shoir, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Eshqobil Shukurning “Saylanma” – Oy yo‘li” kitobi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida nashrdan chiqdi.
Kitobdan Eshqobil Shukurning uzoq yillik mehnati mahsuli – oshiqona va hikmatga yo‘g‘rilgan vazmin va sokin she’rlari hamda Hazrat Bahohovuddin Naqshbandga bag‘ishlangan “Naqshband” dostoni joy olgan.
Mutolaa jarayonida “Qaldirg‘ochning ko‘z yoshlari” nomli turkumni alohida e’tibor bilan ohangini topib o‘qiysiz va “qaldirg‘ochning ko‘z yoshlari”da hayot ranglarini, qolaversa, shoir siymosini ko‘rgandek bo‘lasiz.
Men
Qabrda tug‘ilgan Go‘ro‘g‘li edim,
Ikki jahon aro Yo‘lo‘g‘li edim,
Zulmat yo‘rgaklagan Nuro‘g‘li edim...
Men
Qizg‘in qizg‘aldoqlar kaftida o‘sdim,
Yonayotgan muzning taftida o‘sdim,
Bir juft kabutarning kiftida o‘sdim...
Men
Qaldirg‘och qo‘rg‘onin mehmoni bo‘ldim,
Adashgan musofir armoni bo‘ldim,
“Bor ekan, yo‘q ekan” dostoni bo‘ldim...
“Nasoyim ul muhabbat”ga sayr turkumini o‘qib xayolot olamingiz yorishib, ruhingiz o‘sgani, samo sari yuksalayotganini his qilasiz. Shoirning o‘zi ushbu she’riy turkum haqida “Bu... “yo‘qolganidan keyin topilmaydigan, topilganidan keyin yo‘qolmaydigan” insonlar haqida, “hayotsiz o‘lim, o‘limsiz hayot”ni yashab o‘tgan insonlar haqida” deya izoh berib o‘tadi.
Ko‘p xushta’b edilar Shayx Abu Zur’a,
Chehrasida doim quyosh kulardi.
U do‘stu dushmanga tortinmay zarra
Iliq tabassumlar hadya qilardi.
Undan so‘radilar: Nechun hammaga –
Yaxshi ham yomonga tabassum qilgung?
Shunday bo‘lishi mumkinmi butun ommaga
Barchaga baravar sevging va kulgung?
U dedi: Mehrim ham, kulgum ham tekin,
Ko‘nglim nurga to‘lgan bir soyam yo‘qdur.
Elga ehson beray deyman-u, lekin
Tabassumdan o‘zga sarmoyam yo‘qdur...
Eshqobil Shukurning “Saylanma”sini, albatta, o‘qing.
A.Narzulloyev, O‘zA