Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Eshkak eshuvchilarimiz Osiyo chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda
10:04 / 2025-06-13

Tailandda baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha U18 hamda U23 yosh toifalaridagi Osiyo chempionati qizg‘in davom etmoqda. Qit’a chempionatida O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi sportchilari muvaffaqiyatli ishtirok etib, yurtimiz sharafini munosib himoya qilmoqda.

Xususan, U18 yosh toifasidagi sportchilar o‘rtasida 1000 metr masofaga bo‘lib o‘tgan bellashuvlarda hamyurtimiz Danila Kryukov (K-1) bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Ushbu masofadagi bahslarda Asqar Hasanboyev (C-1) esa kumush medalni qo‘lga kiritdi.

Shuningdek, kanoechilarimiz Og‘abek Nuriddinov va Davron Axtamov (C-2) tandemi chempionatning oltin medaliga ega chiqdi.  

Baydarkachimiz Shahrizoda Mavlonova (K-1) esa yakkalik bahslarda g‘alaba qozonib, oltin medal bilan taqdirlandi.

U23 yosh toifasidagi bahslar ham sportchilarimiz uchun yutuqlarga boy kechmoqda. Baydarkada eshkak eshish yo‘nalishida Ozodjon Amriddinov (K-1, 1000 m) kumush medal sohibiga aylandi. Mirjalol Komilov (C-1) esa kanoedagi chiqishini g‘alaba bilan yakunlab, oltin medalni terma jamoamiz hisobiga qo‘shib qo‘ydi.

Bundan tashqari, baydarkachimiz Arina Tanatmisheva (K-1) ham chempionatda munosib ishtirok etib, U23 yosh toifasida kumush medal bilan taqdirlandi.

Ushbu musobaqada U23 yosh toifasidagi baydarkachilar o‘rtasidagi jamoaviy (K-4) bellashuvlarda Samandar Haydarov, Begzod Murodov, Ozod Amriddinov va Yaroslav Slavgorodskiydan iborat kvartet kurash olib borib, Osiyo chempionatining oltin medallarini qo‘lga kiritdi.

Ayni damda O‘zbekiston delegatsiyasi hisobidagi medallar 5 ta oltin, 4 ta kumush va 2 ta bronzani tashkil etmoqda.

Chempionat davom etmoqda.

Javohir Toshxo‘jayeva,

O‘zA