Samarqand viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti — koxlear implantatsiya o‘tkazildi.
Jomboylik 12 yoshli bola miningitga uchrab, og‘ir xastalikka chalinadi. Uning asorati qulog‘ida turli muammolarni keltirib chiqaradi. Oxir-oqibat eshitish qobiliyatini yo‘qotadi. Ayni paytda 32 yoshda bo‘lgan yigit qulog‘idagi nuqsonni davolash uchun turli tibbiyot muassasalariga murojaat qiladi. Ammo natija bo‘lmaydi. Xorijda koxlear implantatsiya amaliyotini o‘tkazish orqali eshitishni tiklash imkoni borligidan xabar topgan bemorning ota-onasida xorijga chiqishga imkoniyat yo‘q edi. Qachonki ular Samarqand viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida bunday jarrohlik amaliyotini o‘tkazish imkoniyati yaratilgani haqida eshitgach, bemorni shu yerga olib kelishadi.
– Bemor xastalik tufayli eshitish qobiliyatini yo‘qotgach, bir necha bor muolajalar olishga harakat qilgan, - deydi Samarqand viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bo‘lim mudiri Muhammad Bekmurodov. – Tekshiruvlar yakunida bemorda faqatgina koxlear implantatsiya amaliyotini o‘tkazish orqali eshitishni tiklash mumkinligi aytilgan, lekin bu ishni amalga oshirish imkoni bo‘lmagan. Keyingi yillarda yurtimizda tibbiyotni rivojlantirishga qaratayotgan e’tibor, yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini respublikamizning barcha hududlarida amalga oshirish uchun yaratilgan sharoit tufayli Respublika ixtisoslashtirilgan otorinolaringologiya va bosh-bo‘yin kasalliklari ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Samarqand davlat tibbiyot universiteti malakali mutaxassislari hamkorligida bemorda koxlear implantatsiya amaliyotini muvaffaqiyatli o‘tkazdik.
Jarrohlik amaliyotida bemorning xastalik tufayli zararlangan asab tolalari o‘rniga implant datchiklar kiritilib, ichki quloq qismiga koxlear implant o‘rnatildi. Bemor maxsus signallarni eshitganligini qayd etgan, biroq u uzoq vaqt mobaynida eshitmaganligi bois, maxsus amaliyot orqali tegishli mutaxassislar bilan belgilangan muolaja jarayonini o‘tashi lozim. Shu orqali uning eshitish qobiliyati tiklanib, nutqidagi muammolar bartaraf etiladi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari