O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Eshik va derazalarning xavfsizligi to‘g‘risidagi texnik reglamentni tasdiqlash haqida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, Eshik va derazalarning xavfsizligi to‘g‘risidagi texnik reglament tasdiqlandi.
Reglamentda:
eshik va derazalarning xavfsizlik talablari;
eshik va derazalarni milliy muvofiqlik belgisi bilan tamg‘alash;
texnik reglament talablariga rioya etilishi bo‘yicha davlat nazorati belgilab berilgan.
Mazkur qaror bilan Texnik reglamentni joriy etish sxemasi ham tasdiqlandi.
Reglament eshik va derazalarga hamda ularning elementlariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi hududida qo‘llanilishi va bajarilishi majburiy bo‘lgan yagona talab va qoidalarni belgilaydi.
Texnik reglament talablari quyidagi mahsulotlarga tatbiq etilmaydi:
ushbu Texnik reglament amalga kiritilguniga qadar ishlab chiqarilgan eshik va derazalar;
foydalanishda bo‘lgan eshik va derazalar;
milliy hunarmandchilik mahsulotlari va o‘z ehtiyojlari uchun yasalgan eshik va derazalar.
Ushbu reglament talablari quyidagi tur va tasnifdagi eshik hamda derazalarga taalluqlidir:
a) eshiklar:
mo‘ljallanishidan kelib chiqib (binoga kirish eshiklari, jamoat, ishlab chiqarish va qo‘shimcha bino hamda inshootlarning xonalariga kirish uchun ichki kirish eshiklari, xonalar o‘rtasidagi eshiklar, sanuzellar eshiklari);
profil elementlarining materiallari bo‘yicha (plastik, alyumin, taxta, po‘lat eshiklar);
konstruktiv bajarilishiga ko‘ra (ikki tavaqali, tebranuvchan, suriladigan, yig‘iladigan eshiklar);
b) derazalar:
funksional mo‘ljallanishidan kelib chiqib (asosiy, maxsus, shovqindan himoyalovchi, sindirishga chidamli, qo‘shimcha xonalar (zinapoyalar kataklari, texnik qavatlar, chordoqlar, yerto‘lalar) uchun);
profil elementlarining materiallari bo‘yicha (plastik, alyumin, po‘lat, kompozit);
konstruksiya turi bo‘yicha (bir qavatli, juft qavatli, ajratilgan, ajratilgan-juft).
Qarorga ko‘ra Texnik reglament talablariga muvofiqligi tasdiqlanmagan eshik va derazalar O‘zbekiston Respublikasi hududida realizatsiyaga chiqarilmaydi.
Reglament rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab olti oy o‘tgach amal qila boshlaydi.
O‘zA