Eshigi ochiq qolgan xonadonga “kutilmagan mehmon” keldi
Mirzo Ulug‘bek tumanidagi xonadonlardan birida tungi vaqtda eshik ochiq qolgan. Buni sezib qolgan noma’lum shaxs uyga kirib, xonadon egasining uxlab yotganidan foydalanib, o‘g‘rilik sodir qilgan.
“Kutilmagan mehmon” 3 dona uyali telefon, 7,5 million so‘m, 3 ming AQSH dollari va jami 12 million so‘mlik tilla taqinchoqlarni o‘g‘irlab ketgan.
Uy egasi Sirojiddin K. o‘g‘irlik sodir etilganini bilgach ichki ishlar organlariga holat bo‘yicha ariza bilan murojaat qilgan.
Ichki ishlar organi faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi xodimlari kelib tushgan xabarga ko‘ra zarur chora-tadbirlarni amalga oshirgan. Natijada ushbu jinoyatni sodir etishda gumon qilingan 22 yoshli I.N. aniqlanib, qo‘lga olindi. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov davom etmoqda.
Toshkent shahar ichki ishlar Bosh boshqarmasi fuqarolarga murojaat qilib, xonadon eshiklarini ochiq holda qoldirmaslikni so‘radi.
O‘zA