Turkmaniston universitetlari vakillari, Fanlar akademiyasi a’zolaridan iborat delegatsiya Toshkent shahridagi Markaziy Osiyo xalqaro institutida O‘zbekiston va Turkmaniston munosabatini rivojlantirish istiqboliga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyada ishtirok etdi.
Muxbirimiz anjumanning asosiy spikerlaridan biri - Turkmaniston Gumanitar fanlar va taraqqiyot xalqaro universiteti rektori Esen Aydog‘diyev bilan suhbatlashdi.
- Ushbu tadbir Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning O‘zbekistonga ilk tashrifi oldidan alohida ahamiyat kasb etib, qardosh, do‘st xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishga xizmat qilishi tabiiy.
Yuqori darajadagi uchrashuv mamlakatlarimiz o‘rtasidagi mavjud iqtisodiy, ijtimoiy va gumanitar aloqani kengaytirish to‘g‘risidagi ikki tomonlama shartnomani huquqiy jihatdan mustahkamlaydi.
Bugun har ikki davlat ilmiy doiralari o‘zaro hamkorlik, shuningdek, barqaror rivojlanish, xavfsizlik masalalari bo‘yicha, manfaatli sheriklik yo‘nalishlida aniq takliflar ishlab chiqishdi. Muloqot chog‘ida madaniy-gumanitar, energetika va transport kabi kun tartibidagi turli dolzarb masalalar muhokama qlindi.
Bunday uchrashuvlarni davom ettirishga kelishib oldik. Endi olimlarimiz nafaqat oliy yoki yuqori darajadagi tashriflar arafasida, balki muntazam ravishda Turkmaniston va O‘zbekistonda tashkil etilayotgan turli ilmiy-amaliy anjumanlarda faol qatnashadi.
Mamlakatlarimiz o‘rtasida yaxshi qo‘shnichilik va strategik munosabat hukm surmoqda. Ta’lim muassasalari, ilmiy tashkilotlar o‘rtasida memorandumlar, hamkorlik bitimlari imzolangan. Kelishuvlar doirasida tez-tez videokonferensiya o‘tkaziladi. Turli masalalar bo‘yicha ma’ruza, maslahatlashuv, davra suhbatlari tashkil etiladi.
Tashrif doirasida delegatsiya a’zolari bilan Buxoro shahrida o‘tkaziladigan birinchi hududlararo ishbilarmonlar kengashi forumida ishtirok etayotganimizdan mamnunmiz. Tadbirkorlar tashabbusi bilan O‘zbekiston va Turkmaniston xususiy sektori faoliyati kengayadi, o‘zaro munosabat sifati yangi bosqichga ko‘tariladi.
Rejaga ko‘ra, mamlakatingizga Turkmaniston madaniyati namoyandalari ham tashrif buyurgan. Urf-odati, tili bir-biriga yaqin ikki qardosh xalq o‘rtasidagi madaniy aloqa izchil rivoj topishiga shubha yo‘q. Bu jarayonda, aynan, madaniyat sohasi vakillarining ishtiroki juda muhim.
Behro‘z Xudoyberdiyev yozib oldi.
O‘zA