Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ertoshsoyning betakror go‘zalligidan bahra oling
19:52 / 2024-07-15

Sayohat manzillari

Toshkent viloyatining Ohangaron tumani o‘zining go‘zal tabiati, so‘lim go‘shalari bilan sayyohlarni jalb qilib kelmoqda. Olis, tog‘li hududlardan sanalgan Ertoshsoy qishlog‘iga mamlakatimizda birinchilardan bo‘lib, “turizm qishlog‘i” maqomi berildi.

Hududning tabiati ham o‘ziga xos bo‘lib, barchani ohanraboday jalb qilgan. Joylarda xizmatlar ko‘lamini kengaytirish borasidagi sa’y-harakatlar o‘z samarasini bermoqda. Bu orqali oddiy aholi bandligi ta’minlanib, daromadi oshmoqda. Mazkur jarayonlar bilan tanishish maqsadida Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi va viloyat Turizm boshqarmasi tomonidan Ohangaron tumani Ertoshsoy turizm qishlog‘iga press-tur tashkil etildi.

Turizm qishlog‘ini tashkil qilish dasturi doirasida, 10 kilometrdan ortiq yo‘l to‘liq asfaltlandi. Uyali aloqa sifati yaxshilangan, optik tolali internet kabellari tortildi. Elektr simyog‘ochlar beton ustunlarga almashtirilgan.

– Hududimizda tashkil etilgan mehmon uylari yil davomida xizmat ko‘rsatishga moslashtirilgan, – deydi mahalla raisi Husan Sultonov. – Bahor va yoz oylarida bu yerlarning tabiati yashil tusga kiradi. Havosi, suvi toza. Dam olish va ma’daniy hordiq chiqarish uchun hamma sharoitlar mavjud. Mahalliy va xorijiy turistlar aholi xonadonlarida milliy urf-odatlar bilan yaqindan tanishadi, tog‘da sayr qilib, soy bo‘ylarida dam oladi. Mahalliy taomlardan tanovul qiladi. Xususan, echki sutidan tayyorlangan mahsulotlarning dovrug‘ini eshitganlar bu joylarga doim oshiqadi. Yil davomida esa 10 ming xorijiy, 225 ming mahalliy sayyohlar Ertoshsoyda mehmon bo‘lmoqda.

Jurnalistlar “Xolboyev Qahramon” oilaviy mehmon uyida bo‘lib, dam oluvchilarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi va o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. Ishtirokchilar “Arashan” ko‘lida bo‘ldi. Bu manzil O‘rta Osiyoda noyob ko‘llar ro‘yxatiga kiradi. Ohangaron daryosining irmog‘i bo‘lgan “Kunjul”ning yuqori qismida, Namangan viloyatining Pop tumaniga tutash hududda joylashgan. Ko‘l Arashan, Xo‘ja Arashan, Katta va Kichik Arashan ko‘llaridan iborat. Ular dengiz sathidan 2 ming 774 metrdan 3 ming 365 metrgacha balandlikda joylashgan. Ko‘llardan uzoq bo‘lmagan joyda suvining harorati yil davomida 36,7 darajagacha saqlanib turadigan termal buloq bor.

Rivoyatlarga ko‘ra, suv havzasi bu yerga davolanish uchun tez-tez kelib turadigan hukmdorlardan birining buyrug‘i bilan qurilgan. Tog‘ yonbag‘irlaridan bir necha metr tepaga ko‘tarilsangiz, tog‘ echkisi shoxlari bilan bezatilgan so‘fiylar qabriga ko‘zingiz tushadi. Aytishlaricha, aynan mana shu joyda Arashanning muqaddas himoyachisi qabri joylashgan. Manzilga borish uchun maxsus avtomobillardan foydalanish lozim. Havosi esa o‘zgaruvchan, namlik Toshkent viloyatining boshqa hududlariga qaraganda ancha yuqori. Kutilmaganda yomg‘ir yog‘ib, do‘lga aylanishi hech gap emas.

– Ba’zida dam oluvchilar orasida shunday joylarni asrash, ayniqsa, tozalikka e’tibor qaratish lozimligi haqida tushuntirish ishlari olib borishga to‘g‘ri kelmoqda. Tabiat in’om etgan go‘zal maskanlarda o‘ziga xos madaniyatli bo‘lish hamma uchun foydadan holi emas, – deydi Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Nodir Yo‘ldoshev. – Shularni e’tiborga olib, mutaxassislarimiz muntazam ravishda aholi va sayyohlar orasida targ‘ibot ishlarini olib bormoqda. Jurnalistlar mas’ullar bilan suhbatda bu haqda o‘z fikrlarini bildirdi.

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/e4yaTHP72BM?si=OtB_zAPheiUoq-g4" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

A.Musayev, A.Alijonov (surat, video), O‘zA muxbirlari