Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ertasini qo‘lida kitob tutgan, zamon bilan hamnafas yoshlarga ishongan yurt
17:43 / 2024-02-19

Prezident tashrifidan so‘ng...

Yoshlar – ertaning egasi. Chin ma’noda egalarni ulg‘aytirish uchun bugundan harakat qilinadi. Ularning ta’lim-tarbiyasiga mas’uliyat bilan qaraladi, shu sohaga zarur darajada investitsiya yo‘naltiriladi.

Ta’lim deyilganda juda keng qamrovli jarayon tushuniladi. Bugun uning bir tarmog‘ini bir hudud misolida izohlashga harakat qilamiz.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 15 fevral kuni Andijon viloyatiga tashrifi davomida Marhamat tumanidagi Yoshlar kutubxonasida bo‘ldi. Bu yerda yoshlar bilan o‘ta samimiy va ochiq muloqot bo‘ldi. Davradagi suhbatga quloq tutar ekansiz davlatimiz rahbarining o‘tgan yili Namangan viloyati Davlatobod tumanida joylashgan “Yangi O‘zbekiston – yoshlar ziyo maskani” kutubxonasi, poytaxtimizdagi yangilangan Respublika bolalar kutubxonasidagi uchrashuv yodga tushdi. Yurtboshi yoshlar bilan hamisha mana shunday yaqin.

Prezidentimiz faoliyatining boshidanoq yoshlar kelajagiga daxldor masalalarga alohida e’tibor qaratib kelmoqda. Bu o‘rinda kitobxonlikni rag‘batlantirish borasidagi ishlarga jiddiy urg‘u berilayotganini ta’kidlash o‘rinli.

Xususan, yetti yil oldin kitoblar nashr etishni rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish bo‘yicha Prezident farmoyishi qabul qilingandi. Shuningdek, noshirlik faoliyati, kitob mutolaasi, bu yo‘nalishdagi targ‘ibot tadbirlari rag‘batlantirilmoqda. Adabiyotsevar yoshlarning intilishi har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 28 noyabrda imzolangan “Yoshlar uchun ming kitob» loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori shu yo‘nalishdagi islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Bu hujjat bilan yoshlarning intellektual va ilmiy salohiyatini oshirishga xizmat qiluvchi jahonda mashhur kitoblarni o‘zbek tiliga tarjima qilish jarayoni tezlashadi. Shu orqali yoshlarning zamonaviy ilm-fanning so‘nggi yutuqlari bilan yaqindan tanishish imkoniyati ortadi. Bu kabi aniq misollarni ko‘plab keltirish mumkin.

Mazkur siyosatning yorqin ifodasini Marhamat tumanidagi Yoshlar kutubxonasi faoliyatida ham ko‘rish mumkin. 

Yangi bunyod etilgan mazkur ziyo maskani keng, shinam va yorug‘. Bu yerda bir vaqtda 150 dan ortiq kitobxon mutolaa qilishi mumkin. Kutubxona 30 ming nusxadan ziyod adabiyotga ega, qator axborot markazlari tarmog‘iga ulangan. Bu joy intellektual o‘yinlar, ijodkorlar bilan uchrashuvlar, kitob taqdimotlari o‘tkaziladigan qaynoq dargohga aylandi. U nafaqat yoshlar, hududda yashovchi barchaning sevimli maskaniga aylangan.

– Prezidentimiz bu yerda turli sohalarda faoliyat olib borayotgan, ta’lim olayotgan tengdoshlarimizning takliflari, orzu-istaklarini tingladilar, – deydi Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktabi o‘quvchisi Marjona Umarova. – Muloqotda otalarcha mehrni his qildik. Tasavvur qiling, otasi ishonch bildirgan farzand qanday kuchli bo‘ladi. Suhbatdan o‘zimizga katta shijoat oldik. Kelajakdagi yutuqlarim, yuksak marralarim mana shu uchrashuv bilan bog‘liq bo‘ladi, desam mubolag‘a qilmagan bo‘laman. Biz, yoshlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarda kamarbasta ekanligimizni baralla aytamiz.

Ta’kidlanganidek, Yangi O‘zbekiston maktablar, mana shunday kutubxonalar ostonasidan boshlanadi. Zero, hech kim tashqaridan kelib katta o‘zgarishlarni amalga oshirmaydi. Hammasiga qo‘lida kitob tutgan, zamon bilan hamnafas yoshlar bilan erishiladi.

Ikrom AVVALBOEV, Nosirjon HAYDAROV (surat), O‘zA