Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ertamiz egalarining taqdiriga befarq bo‘lmaylik!
21:04 / 2023-08-01

Yoshlik – insonning porloq kelajagi uchun urug‘ qadaydigan ezgulik pallasi. Bu ne’matdan unumli foydalanib, o‘zining salohiyatini oshirib borgan, jamiyatda munosib o‘rin egallashga kirishgan insonning ertasi nurafshon bo‘ladi.

Ahamiyatlisi, so‘nggi yillarda yurtimizda yoshlarga oid davlat siyosatining huquqiy asoslari mustahkamlanib, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ular o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ammo shu bilan birga, bugun jinoyatchilik va huquqbuzarlik holatlari yoshlar o‘rtasida kuzatilayotgani va taassufki, ko‘payib borayotgani ham achchiq haqiqatdir. Bu borada davlat va jamoat tashkilotlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari mahallalarda, ta’lim muassasalari hamda korxona va tashkilotlarda aholi bilan yaqindan suhbatlashishi, ayniqsa, profilaktika inspektorlari tomonidan o‘zi biriktirilgan hududda sodir etilgan jinoyatlar to‘g‘risida berilgan kunlik ma’lumotlarni tahlil qilib, har bir jinoyatni mahallada keng jamoatchilik ishtirokida muhokama etish amaliyotini yanada kuchaytirishi zarur. 

Binobarin, mahalla-ko‘y, qo‘ni-qo‘shnilar, keng jamoatchilik o‘rtasida o‘tkaziladigan muhokamalar natijasida huquqbuzar yoki jinoyatchi o‘z xatti-harakatidan uyaladi, afsus chekadi, o‘z qilmishining ijtimoiy oqibatini to‘liq anglab yetadi. Alalxusus, “Kasalni davolagandan ko‘ra, oldini olgan ma’qul”, degan naqlga amal qilgan holda jinoyat bilan kurashishda dastlab yoshlarni jinoyat qilishga undaydigan sabablar, holatlarni aniqlab, ularni bartaraf etish choralarini ko‘rish ustuvor maqsadga aylanishi kerak. 

Davlatimiz rahbari yoshlar tarbiyasi butun millat oldidagi ulkan mas’uliyatli vazifa ekanligini ta’kidlab, “Agar farzandimizga to‘g‘ri tarbiya bermasak, har kuni, har daqiqada uning yurish-turishi, kayfiyatidan ogoh bo‘lib turmasak, ularni ilmu hunarga o‘rgatmasak, munosib ish topib bermasak, bu omonatni boy berib qo‘yishimiz hech gap emas”, degan xitoblari bizni ogohlik va xizmat vazifamizda doimo mas’uliyatli bo‘lishga undaydi. 

Zero, bugun dunyo ko‘zda halqalangan yoshdek qalqib turgan bir paytda yoshlarni chalg‘ituvchi, ularni o‘z domiga tortishni istovchi turli kuchlar ko‘payib boryapti. Eng achinarlisi, dunyoning qaysi burchagida biror jinoyat sodir etilsa, albatta, bu jarayonda yoshlarning “qo‘lidan” foydalanilyapti.

Xalqimizning buyuk ma’rifatparvar allomasi Abdulla Avloniy ham yoshlar tarbiyasini bejiz “hayot-mamot masalasi”, deb ta’riflamagan. Zero, tarbiyasi mo‘rt yoshlardan jamiyat, mahalla yoki oila uchun hech qanday naf bo‘lmaydi. Yoshlarning jinoyatga qo‘l urishi tarbiyada yo‘l qo‘yilgan xato yoki befarqlikning achchiq in’ikosidir.

Ta’kidlash joiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kuni kecha Farg‘ona viloyatiga tashrifi davomida bu masalaga alohida to‘xtalib o‘tildi. Davlatimiz rahbari tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishda huquq-tartibot sohasidagi ishlar ahvolini tahlil qilib, kelgusidagi vazifalarni belgilab berdi. Jumladan, tanqidiy-tahliliy o‘tgan yig‘ilishda so‘z yuritilgan masalalarni qisqacha tezis shaklida yodga olsak:

Birinchidan, yig‘ilishda mamlakatimiz bo‘yicha kriminogen vaziyat murakkab bo‘lgan,  “qizil” toifaga kiritilgan mahallalar eng ko‘p Toshkent shahri, Farg‘ona, Qashqadaryo, Buxoro  va Namangan viloyatlariga to‘g‘ri kelgani ko‘rsatib o‘tildi.

Ikkinchidan, Ichki ishlar vaziriga kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish ishlari qoniqarsiz yo‘lga qo‘yilgani ko‘rsatib o‘tildi.

Uchinchidan, mahallada jinoyatchilikni jilovlash bo‘yicha yangicha ish tartibini belgilab berildi.

To‘rtinchidan, Ichki ishlar va Raqamli texnologiyalar vazirliklariga ikki oy muddatda har bir viloyat-tuman-mahalla kesimida ijtimoiy va kriminogen muammolarni raqamlashtirish orqali “Ijtimoiy vaziyat” axborot tizimini ishga tushirish topshirildi.

Beshinchidan, yig‘ilishda jinoyat qilgan shaxslarning har uchinchisini yoshlar tashkil qilayotgani ta’kidlandi.

Oltinchidan, uyushmagan yoshlar bilan yagona yondashuv asosida ishlashni yo‘lga qo‘yish maqsadida Idoralararo kengash va hududiy kengashlar tashkil qilinishi belgilandi.

Yettinchidan, Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat hokimlari bilan birga yil yakuniga qadar barcha hududlarda aholiga ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatuvchi “Inson” markazlarini ishga tushiradi.

Sakkizinchidan, “Yo‘l harakati xavfsizligi – jamoatchilik nazoratida” tamoyili asosida yiliga kamida ikki marta ijtimoiy so‘rov o‘tkazish yo‘lga qo‘yilishi ta’kidlandi.

Shu bilan birga, Ichki ishlar vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida jinoyat qilishga moyilligi bor og‘ir ahvoldagi aholi bilan “ijtimoiy profilaktika” tamoyili asosida ishlash bo‘yicha “mahalla beshligi”ning vazifalarini aniq belgilash, yosh toifasi, ijtimoiy va moddiy ahvolidan kelib chiqib, ularning har bir guruhi uchun alohida metodika ishlab chiqish topshirildi. 

“E’tibor bering, yoshlar jinoyatchiligining katta qismi nazoratsiz qolgan voyaga yetmaganlar tomonidan sodir qilinmoqda. Eng achinarlisi, voyaga yetmaganlar ichida o‘ta og‘ir jinoyat sodir etganlari ham bor”, dedi davlatimiz rahbari.

Bil’aks, jondan aziz farzandlarimizni yoshligidan qanday tarbiyalasak, shunday voyaga yetadi. Bunda, albatta, oila, mahalla, jamiyatdagi muhit muhim ahamiyatga ega. O‘zi, oilasi, xalqi, ma’naviy ildizlari haqida yetarli tushunchaga ega bo‘lgan bola jinoyat va huquqbuzarliklar ko‘chasiga kirmaydi. Bunga erishish uchun jamiyatning har bir a’zosi zimmasidagi mas’uliyatni chuqur his etishi, burchini sidqidildan bajarishi lozim.

Tarbiya haqida Imom G‘azzoliyning “Ihyou ulumud din” kitobida bunday deyiladi: “Bola – ota-ona qo‘lidagi omonat. Uning qalbi turli naqsh va rasmlardan xoli. Qanday naqsh solinsa, qabul qiladi, nimaga moyil qilinsa, moyil bo‘laveradi. Agar yaxshilikka undalsa va o‘rgatilsa, saodatli bo‘ladi. Ota-onasi hamda odob, ta’lim-tarbiya bergan ustozlar uning savobiga sherik bo‘ldi. Agar yomonlikka undalsa, halok bo‘ladi”.

Muxtasar aytganda, kelajagimiz yoshlarning qo‘lida ekanini unutmaylik! O‘g‘il-qizlarimiz yurtga daxldorlik va bunyodkorlik tashabbuslari bilan faol bo‘lishlarini va mana shunday ishlar amalga oshirilishini ta’minlash uchun barchamiz birdek harakatda bo‘lishimizni davrning o‘zi talab qilmoqda.

Erkinjon MAHMUDOV,
Qo‘qon shahar adliya bo‘limi boshlig‘i.

O‘zA