FOTOREPORTAJ
Farg‘ona tumani “Yangi asr” mahalla fuqarolar yig‘inida 14 ta davlat sherikchiligi asosida nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat yuritmoqda.
Ushbu muassasalardan biri - “Olimp” nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti 150 nafar bolajonni o‘z bag‘riga olgan.
Ingliz va rus tillariga ixtisoslashgan bog‘chada boshlang‘ich ta’lim-tarbiya ishlarini zamon talablariga muvofiq yo‘lga qo‘yish uchun barcha sharoit muhayyo. Zarur mebellar bilan jihozlangan keng va yorug‘ xonalar, zamonaviy musiqa zali, shinam yotoqxona, oshxona va yozgi ayvonchalar ertamiz egalari ixtiyorida.
[gallery-10335]
Vatanparvarlik oyligi doirasida muassasada “Mardlar qo‘riqlaydi Vatanni” mavzusida bayram tadbiri o‘tkazildi. Unda “Yangi asr” mahalla fuqarolar yig‘ini, O‘zbekiston “Veteran” jangchi-faxriylar va nogironlar birlashmasi vakillari, milliy gvardiya xodimlari ishtirok etdi.
Jajji tarbiyalanuvchilar Vatanni madh etuvchi go‘zal she’r va qo‘shiqlari, ko‘rgazmali chiqishlari bilan barchani xushnud etdi.
Tadbirda so‘z olganlar Vatanga muhabbat, uni himoya qilish sharafi xususida so‘zlab, bolalar qalbiga vatanparvarlik tushunchalari bilan kirib bordilar.
Tadbir so‘ngida “Olimp” nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti rahbari Shahnoza Madaliyeva O‘zbekiston “Veteran” jangchi-faxriylar va nogironlar birlashmasining “Vafo va sadoqat uchun” medali bilan taqdirlandi.
Bahorni sog‘ingan qalblar uchun bog‘cha hovlisida doshqozon o‘rnatilib, sumalak tayyorlandi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA